O‘zbekistonda 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi prezidentlik sayloviga “texnik jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rilgan”, ammo “haqiqiy raqobat"dan xoli bo‘lgan. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) xalqaro kuzatuvchilari tomonidan shunday baho berildi.

DIIHB saylovni kuzatishni 7-iyunda boshladi va bu ishni 18-iyulda yakunlaydi. 10-iyul kuni missiya vakillari o‘zlarining dastlabki xulosalarini taqdim etdi. Ursula Gatsek boshchiligidagi missiya Toshkentdagi 16 nafar ekspert va hududlardagi 24 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan iborat bo‘ldi. Saylov kuni YeXHTga a’zo 26 davlatdan yana 198 nafar kuzatuvchi jalb etildi.

“Ro‘yxatga olingan barcha nomzodlar saylovoldi tashviqotini erkin olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, ularda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish, tadbirlar o‘tkazish va davlat mablag‘laridan foydalanish uchun teng sharoitlar yaratildi”, — dedi Ursula Gatsek Toshkentdagi matbuot anjumanida.

Biroq, kuzatuvchilarga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti “sust kechgan” va saylovoldi tashviqoti uchrashuvlari “ko‘pincha uyushtirilgan ko‘rinishga ega bo‘lgan”. Gatsek, shuningdek, nomzodlar “muqobil siyosiy qarashlar” bildirmaganini qo‘shimcha qildi.

“Albatta, [kampaniya] bilbordlarda ko‘rindi va [tashviqot] materiallari tarqaldi, lekin… konstruktiv tanqid va turli nuqtai nazarlarni muhokama qilish jonli kampaniyaga xos xususiyatdir”, — dedi Gatsek.

Missiyaning ta’kidlashicha, qonun talablariga ko‘ra, barcha nomzodlarga davlat OAVlarida bepul efir vaqti taqdim etilgan, biroq yoritish kampaniyasi “cheklangan”, amaldagi prezident esa “yangiliklarda nomutanosib ravishda ko‘proq yoritilgan”.

OAVda “tahliliy hisobotlarning bo‘lmagani, DIIHBning ta’kidlashicha, o‘z navbatida, saylovchilarning “ongli tanlov qilishiga” to‘sqinlik qilgan.

Saylov kunining o‘zi, DIIHB kuzatuvchilarining qayd etishicha, “sokinlik bilan o‘tdi”, biroq oz miqdordagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni “salbiy” baholandi. Missiya tomonidan qayd etilgan “jiddiy qonunbuzarliklar” qatorida qo‘shimcha ro‘yxatlarga ko‘p sonli saylovchilarning tegishli himoya choralarisiz qo‘shilgani, saylovchilarning shaxsini tasdiqlamasdan ovoz berishga ruxsat berilgani, shuningdek, (oila a’zolari nomidan) ishonch asosida va maxfiyligiga rioya qilinmagan holda ovoz berish kabilar qayd etilgan.

Bundan tashqari, ayrim saylov uchastkalarida kuzatuvchilar “[ko‘p miqdordagi] saylov byulletenlarini tashlash belgilari” va “saylovchilar ro‘yxatlarida o‘xshash ko‘rinishdagi imzolarning ko‘pligi"ni qayd etgan.

Missiya, shuningdek, ovozlarni sanab chiqish va natijalarni chiqarish jarayonlari “xavotir uyg‘otadi”, saylovchilar soni bilan saylovchilarning rasmiy dastlabki ma’lumotlari o‘rtasida esa “tafovut” mavjud deb hisoblaydi.

Missiya rahbari O‘zbekistonda qonunchilik sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida DIIHBning avvalgi tavsiyalarining bir qismi inobatga olinganini, garchi demokratik jarayonlar uchun kalit bo‘lgan tavsiyalar “haligacha qonunchilikda o‘z aksini topmaganini” ta’kidladi.

Ursula Gatsekning aniqlik kiritishicha, DIIHB tavsiyalari “majburiy emas"ligi va ularning bajarilishi kuzatuvchilar taklif etilayotgan YeXHT ishtirokchi-davlatiga bog‘liqligi, ulardan qaysi biri “eng foydali” ekanini o‘zi tanlaydi.

“Biz hech kimga reja yoki aniq yo‘l xaritasini bermaymiz. Biz faqat umumiy yo‘nalish bo‘yicha signal yuboryapmiz”, — dedi missiya rahbari.

YeXHT DIIHB missiyasining dastlabki xulosalari hisobotini to‘liq holda bu yerda tanishish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, shu kuni ertalab O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati vakillari “Amerika ovozi” jurnalistining saylovlarga, DIIHB va MSKga baho berishdagi jiddiy farqlar haqidagi savollariga javob qaytarar ekan, O‘zbekiston ma’qul deb hisoblagan DIIHB tavsiyalari qonunchilikka bosqichma-bosqich kiritilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, “O‘zbekistonning qonunchilik tizimining o‘ziga xos xususiyatlari, o‘ziga xos siyosiy va huquqiy madaniyati borligi” qayd etildi.

MDH kuzatuvchilari missiyasi, o‘z navbatida, “saylov muqobillik asosida, shaffof, ochiq, adolatli va demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tganini” qayd etdi.