Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi mansabdor shaxslarga qarshi kompromatlar e’lon qilingan yoki e’lon qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan Kompromatuzb Telegram kanaliga aloqadorligi aytilayotgan jurnalistlarga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonini 18-iyul kuniga tayinladi. Majlis haqidagi ma’lumotlar Oliy sud portalida e’lon qilindi.

Yanvar oyi oxirida huquq-tartibot idoralari Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va bosh muharriri Muslim Mirzajonovni ushlagan edi. Keyinroq Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva va “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Siyovush Hoshimov ham qo‘lga olindi. Shuningdek, ushbu ishga fuqaro Ahmadullo Ahmadjonovning ham aloqasi borligi aytilmoqda.

Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, Xurshid Daliyevga (1984 y.t.) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-modda 2-qismi (Tuhmat), 165-modda 3-qismi a-bandi 3-qismi a-bandi (Tovlamachilik), 184-modda 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bo‘yicha ayblovlar e’lon qilingan.

Siyovush Xoshimov (1983) JKning 139-modda 2-qismi (Tuhmat), 165-modda 3-qismi a-bandi 3-qismi a-bandi (Tovlamachilik), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan ayblanmoqda.

Mavjuda Mirzayeva (1973) esa JKning 113-modda 4-qismi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish), 165-modda 2-qismi a-bandi b-bandi v-bandi (Tovlamachilik) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, ushbu ishda 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar ishtirok etib, 5 mlrd 140 mln so‘mlik zarar yetkazilgan. Ular orasida sobiq bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Nozim Xusanov (aprel oyida lavozimidan ketgan), mart oyida hibsga olingan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi sobiq direktori Afzal Ermatov, Davlat veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodov, Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mirzo Sharipov, CIBGROUP kompaniyasi direktorlari Uyg‘un Tursunxo‘jayev va boshqalar bor.