Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev internet-platformalar va onlayn reklamani tartibga soluvchi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda Kursiv nashri. Hujjat bloggerlarni yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish va soxta ma’lumotlar uchun javobgarlikka tortish majburiyatini yuklaydi.

Qonunda “inflyuyenser” (blogger), “onlayn platforma”, “homiylik kontenti”, “jamoat hamjamiyati” va boshqa tushunchalar kiritilmoqda. Blogerlar reklama mazmunidagi postlarni belgilashi va daromaddan soliq to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, qonunda yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Jismoniy shaxslar uchun jarima miqdori 69 ming tengeni (taxminan 155 dollar), bloger-tadbirkorlar uchun esa 138 ming tengeni (300 dollardan sal ko‘proq) tashkil etadi.

Qozog‘istonda allaqachon yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik, jumladan, katta miqdorda jarima to‘lash nazarda tutilgan. Mamlakat Bosh prokuraturasining qayd etishicha, ma’muriy javobgarlikning joriy etilishi “o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish” vazifasini o‘taydi.

Qonun shuningdek, qozoq tilini onlayn platformalar interfeyslariga integratsiyalashni nazarda tutadi, bu esa tartibga soluvchi organlarga nafaqat rus tilidagi noqonuniy kontentni kuzatish imkonini beradi, balki uni olib tashlashni ham talab qilish imkonini beradi. Agar bu talab bajarilmasa, rasmiylar internet-sayt faoliyatini cheklash huquqiga ega bo‘ladi.

Qozog‘iston axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri Darxon Kidirali so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun yashirin iqtisodiyot va internetdagi firibgarlikka qarshi kurashda yordam beradi. “Boshqacha qilib aytganda, oflayn hayotdagi mas’uliyat onlayn dunyoda ham talab qilinadi”, — dedi u.

Ba’zi jurnalistlar va bloggerlar, o‘z navbatida, qonun hukumatning blogerlarga nisbatan qo‘shimcha bosimi va o‘z-o‘zini senzurani kuchaytirishi mumkin, deb hisoblashmoqda.