Forbes nashri 2022-yilda dividendlardan eng ko‘p daromad olgan rossiyaliklar reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatda milliarder Alisher Usmonov 7-o‘rinni egalladi.

Qayd etilishicha, Usmonov 2022-yil davomida “Metalloinvest” kompaniyasidan 64,7 mlrd rubl (708,7 mln dollar) dividend olgan.

Reyting jami 50 kishini o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda birinchi o‘rinni “Lukoyl” kompaniyasi sobiq prezidenti Vagit Alekperov egallagan. U dividendlardan 155,7 mlrd rubl (15,2 mlrd dollar) daromad olgan.

Ma’lumot o‘rnida, Alisher Usmonov Forbes milliarderlar reytingida 122-o‘rinda turadi. Uning boyligi 14,4 mlrd dollarga baholanadi.

Ukrainada urush boshlangandan keyin — 2022-yil mart oyida Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovni o‘zining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. May oyida Alisher Usmonov YeI kengashining unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash haqidagi qarorini bekor qilishni talab qilib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat yo‘llagan.

Shuningdek, noyabrda Financial Times O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘rayotgani haqida yozgandi. Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni bu iltimosni amaldagi cheklovlar milliarderning mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritishiga xalal berayotgani bilan izohlagan.