9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari prezidentlik saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng saylangan davlat rahbari qo‘shni hamda hamkor davlatlar rahbarlaridan tabriklarni qabul qila boshladi.

Dastlab u Turkmaniston milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi Mirziyoyevni saylovda qozongan ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi. Ikki mamlakat yetakchilari mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdi. Bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham Shavkat Mirziyoyevni saylovda qozongan ishonchli g‘alabasi bilan qutlab, u bilan ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotida ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Ozarbayjon rahbari mamlakat yetakchisini saylovdagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqotda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida so‘z bordi. Suhbat avvalida Turkiya rahbari ishonchli g‘alaba bilan qutladi, saylovchilarning ovoz berishdagi faol ishtirokini hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan ham telefon orqali muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Turkmaniston prezidenti davlat rahbarini ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabrikladi. Rahbarlar har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbari O‘zbekiston yetakchisini ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, unga yangi muvaffaqiyatlar, farovonlik va ravnaq tiladi. Muloqotda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yanada ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda mamlakat yetakchisi davlat rahbarini saylovda qozonilgan ishonchli g‘alaba bilan dildan qutladi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ishbilarmonlar va hududlar darajasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, faol gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligi va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali muloqoti davomida faol va tizimli siyosiy aloqalarni davom ettirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish, ishbilarmonlik va gumanitar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi boshqa muhim masalalar muhokama qilindi. Vengriya Bosh vaziri ham mamlakat yetakchisini ishonchli g‘alaba bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, saylovda 15 million 651 ming 405 nafar saylovchi yoki umumiy 19 million 593 ming 838 nafar saylovchining 79,88 foizi ishtirok etdi. Saylovda eng yuqori faollik Jizzax viloyatida qayd etildi — 85,28 foiz, eng pasti Toshkent shahrida — 72,97%.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Robaxon Maxmudova 4,43 foiz ovoz to‘pladi — unga 693 ming 634 kishi ovoz berdi.

O‘zXDP nomzodi va uning yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov 4,2 foiz — 629 ming 116 nafar ovoz to‘pladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xamzayev 3,74 foiz — 585 ming 711 kishi ovozini qo‘lga kiritdi.