O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari prezidentlik saylovida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan kelgan kuzatuvchilar missiyasi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida o‘z faoliyatiga yakun yasadi.

MDH missiyasi rahbari Sergey Lebedev “respublikada xalqaro kuzatuvchilarning ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini” ta’kidladi.

Missiya xulosasiga ko‘ra, 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksi talablariga to‘la mos holda o‘tdi.

Bundan tashqari, missiya “saylovlar muqobillik asosida, shaffof, ochiq, adolatli va demokratik saylovlarni o‘tkazish tamoyillariga mos ravishda o‘tgani, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqi ta’minlangani”ni ta’kidladi.

Sergey Lebedev “saylov hech qayerda qayd etilmagan ba’zi amorf normalar emas, balki milliy qonunchilik asosida o‘tkazilganini” alohida ta’kidladi.

Shu tariqa, MDH ijroiya qo‘mitasi rahbari “Amerika Ovozi” muxbiri Navbahor Imomovaning Markaziy saylov komissiyasiga uning mustaqillik darajasi, shuningdek, YeXHT DIIHB kuzatuvchilarining tanqidiy hisobotlari bo‘yicha ish olib borilayotgani yoki yo‘qligi haqida bergan savollarini izohladi.

“Saylov jarayoniga qiziqish bildirgan har bir kishi ham dasturlar, ham ovoz berish jarayoni haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun to‘liq imkoniyatga ega bo‘ldi. Shuning uchun biz saylovni tashkil etish bo‘yicha bildirilgan ayrim tanqidiy baholarni asossiz deb hisoblaymiz”, — dedi Sergey Lebedev.

Eslatib o‘tamiz, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev uchinchi marta o‘tkazilgan prezidentlik saylovida 87,05 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi. “Adolat” partiyasidan Robaxon Mahmudova 4,43 foiz, Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov 4,02 foiz, Ekologik partiyadan Abdushukur Xamzayev 3,74 foiz ovoz to‘pladi.