Namangan viloyati FVB axborot xizmati Qamchiq dovonida namanganlik 2 nafar ayolning jasadi topilgani aytilgan xabarga munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 7-iyul kuni M-39 Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali — O‘sh avtomobil yo‘lining Toshkent-vodiy yo‘nalishida 2 nafar 23 yoshli ayol tog‘ balandligidagi yirik shoxli mollarini sog‘ish uchun ketayotgan bo‘lgan.

Soat 19:20 dan 19:27 gacha kuchli jala yog‘ishi kuzatilgan. Ayollar esa bu paytda sel toshqin suvlari uchun maxsus mo‘ljallangan 1200 diametrli temir quvur ichiga kirib olgan. Shu vaqtda 40−50 metr kub miqdoridagi sel kelib, ayollarni quvur ichidan “Rezaksoy”ning 400 metr oqimi bo‘ylab olib ketgan.

Soyni sel massasidan tozalash jarayonida ularning jasadi topilgan.

Hozirda IIB tezkor-tergov guruhi tomonidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.