7-iyul kuni prezident “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni (O‘RQ-853-son) imzoladi.

Qonun bilan davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi, jumladan:

  • bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
  • bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
  • xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.

️ Shuningdek, qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi, xususan:

  • bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
  • biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
  • stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
  • kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
  • bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
  • bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.

Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun mas’uliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.

23-iyun kuni Senatning 42-yalpi majlisida bayroqdan foydalanishdagi cheklovlarni yumshatuvchi qonun loyihasi muhokama qilinib, ma’qullangandi. Mazkur hujjat loyihasi 20-iyun sanasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingandi, loyihaning o‘zi 1-iyunda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va 16-iyunda yakunlangan edi.

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, davlat bayrog‘idan erkin foydalanish zaruriyatiga ham to‘xtalib o‘tgan edi.

Esatib o‘tamiz, Qashqadaryoda O‘zbekiston bayrog‘i rangidagi tasma taqqan yigit qo‘lga olingandi. Keyinroq Bosh prokuratura aralashuvi bilan yigitga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror bekor qilingan va mazkur qaror noqonuniy ekani bildirilgan.