Kelgusi oylarda dunyoni bir qator ekstremal ob-havo hodisalari, jumladan, suv toshqinlari va kuchli jazirama kutmoqda. Bu haqda 5-iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus ma’lum qildi.

“Dushanba kuni dunyo bo‘ylab rekord darajadagi eng issiq kun qayd etildi. Biz kelgusi oylarda inson salomatligiga zarar yetkazuvchi qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, bo‘ronlar va anomal issiq kabi bir qator ekstremal ob-havo hodisalarini kutmoqdamiz”, — dedi u.

Gebreyesusga ko‘ra, Afrika shoxidagi uzoq davom etgan qurg‘oqchilik allaqachon ocharchilik, migratsiya va kasalliklar to‘lqinini keltirib chiqardi hamda sog‘liqni saqlash xizmatlariga jiddiy bosim yuklamoqda.

“Bu yil yetti mamlakatni o‘z ichiga olgan Afrika shoxida 60 millionga yaqin odam xavf ostida turibdi: Jibuti, Efiopiya, Keniya, Somali, Janubiy Sudan, Sudan va Uganda”, — dedi tashkilot rahbari.

Avvalroq Butunjahon meteorologiya tashkiloti ham El-Nino tabiiy hodisasi munosabati bilan kutilayotgan ekstremal ob-havo sharoiti haqida ogohlantirgandi.

“Bu butun dunyo hukumatlarini [El-Nino]ning sog‘lig‘imiz, ekotizim va iqtisodiyotimizga ta’sirini cheklash uchun sa’y-harakatlarni safarbar qilishga chorlovchi signaldir”, — deya ta’kidladi tashkiloti.

May oyida Butunjahon meteorologiya tashkiloti dunyo yaqin kelajakda duch keladigan rekord global harorat haqida ogohlantirgan. Meteorologlar keyingi 5 yildagi bir yil yoki butun besh yillik davr tarixdagi eng issiq yil bo‘lishini 98 foiz ehtimoli bilan bashorat qilmoqda.

Yevropa Ittifoqining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Copernicus xizmati iyun oyi boshida dunyodagi o‘rtacha harorat avvalgi barcha rekordlarni yangilagani va birinchi marta Selsiy bo‘yicha 1,5 darajaga — 2015-yilgi Parij kelishuvida qayd etilgan “global isish chegarasi”gacha ko‘tarilganini ta’kidladi.

O‘zgidromet, shuningdek, 2023-yil iyun oyi O‘zbekistonda O‘rta Osiyo iqlimi uchun juda issiq o‘tgani, Toshkentda bu oy kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun oyi bo‘lib, 2021-yilgi ko‘rsatkichdan o‘tib ketgani haqida xabar bergandi.

El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko‘tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy fenomen. Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo‘ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik zonalarda yog‘ingarchilik va atmosfera aylanishining normal sxemasi buzilib, butun dunyo bo‘ylab ekstremal iqlim sharoitlarini keltirib chiqaradi.