Milliarder Iskander Maxmudov va hamkorlari tomonidan asos solingan Ural kon-metallurgiya kompaniyasi (UKMK) 2022-yilgi hisobotida O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li Doniyor Komilovni o‘zining benefitsiar egasi sifatida ko‘rsatgan. Bu haqda Forbes nashri xabar bermoqda.

2022-yil 14-martda UKMK korporativ tuzilmadagi o‘zgarishlarni e’lon qilgandi — Iskander Maxmudov (7,3 mlrd dollar boyligi bilan Forbes ro‘yxatida rossiyalik milliarderlar reytingida 21-o‘rinda) va Andrey Bokarev (47-o‘rin, 2,7 mlrd dollar) endilikda UKMK, “Kuzbassrazrezugol” boshqaruv kompaniyasi, “Vostochnыy port” OAJ va “Rosterminalugol” OAJning nazorat qiluvchi benefitsiarlari emasligini, shuningdek, ushbu kompaniyalar direktorlar kengashlari tarkibidan chiqib ketishganini bildirgandi."Bir oy o‘tgach, Mahmudov va Bokarev Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

UKMK 2022-yilgi hisobotida Komilov Doniyar Abdulazizovich uning benefitsiar egasi sifatida tan olingani haqida xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Doniyor Komilov 1972-yilda tug‘ilgan, MGIMO va MDUni tamomlagan. U “Gazprombank”ning birinchi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan va bankka tegishli bo‘lgan “Ob’edinyonnыye mashinostroitelnыye zavodы” mashinasozlik xoldingi va uning sho‘’ba korxonalari direktorlar kengashlari a’zosi bo‘lgan. 2018-yilda “Kommersant” Doniyor Kamilovga aloqador shaxslar O‘zbekistonda yiliga 4 mln tonnaga yaqin ko‘mir qazib chiqaradigan “O‘zbekko‘mir” aksiyalarini boshqarishi mumkinligini yozgan edi.

2022-yil fevral oyida Doniyor Komilovning kompaniyalaridan biri First Premium Allianc O‘zbekistondagi eng yirik spirtli ichimliklar zavodini sotib oldi. Tadbirkor shuningdek, Delta Global Dynamics (tijoriy faoliyat va boshqaruv konsaltingi), Progressgortech-Asia (O‘zbekiston aeroportlariga aviakerosin yetkazib beruvchi, O‘zbekistonning 9 ta aeroportida faoliyat yuritadi) va Metropol Group (tijorat va boshqaruv bo‘yicha konsalting) kompaniyalariga egalik qiladi.

Metropol Group 2021-yil iyun oyida Toshkent markazidagi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosini 210 mlrd so‘mga xususiylashtirgan edi. Hozirda bino buzib tashlanmoqda. Bu yerda premium toifadagi Radisson mehmonxonasini qurish rejalashtirilgan.

UKMKning sobiq benefitsiari Iskander Mahmudov xuddi Doniyor Komilov kabi O‘zbekistonda tug‘ilgan va Toshkent Davlat universitetini tamomlagan.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Doniyor Komilov nafaqat UKMKning “benefitsiar egasi”, balki Iskander Maxmudov va Andrey Bokarevning boshqa bizneslardagi kichik hamkoriga ham aylandi.

Masalan, Doniyor Komilov bilan bog‘liq kompaniya 2022-yilda daromadi 431 mlrd rubldan (4,7 mlrd dollar) oshgan, ishlab chiqarish hajmi esa 44 mln tonnadan ortiq ko‘mir (Rossiyadagi ikkinchi o‘rin) bo‘lgan “Kuzbassrazrezugol” ko‘mir kompaniyasining 8,6 foiz ulushini sotib olgan bo‘lishi mumkin.

Doniyor Komilovning yana bir shirkati — “KTS” MCHJ 2022-yilda Maxmudov va Bokarev bilan bog‘liq bir qancha korxonalarda ulushga ega bo‘la boshladi. Jumladan, “Xolding Transkomponent” MCHJning 10 foiziga egalik qiladi. Bu transport muhandisligi uchun asbob-uskunalar va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan guruh hisoblanadi. Shuningdek, zamonaviy past polli tramvaylar ishlab chiqaruvchi “PK Transportnыye sistemы” MCHJ ham uning tarkibiga kiradi.

Doniyor Komilov kompaniyasi hozirda “Sentralnaya prigorodnaya passajirskaya kompaniya” aksiyalarining 56,5 foiziga egalik qilayotgan “MPK” MCHJning 10 foiz ulushiga ham ega. Bu Moskva transport markazida va markaziy Rossiyaning to‘qqizta mintaqasida (2022-yilda 541 mln dan ortiq yo‘lovchi) ishlaydigan eng yirik shahar atrofi temir yo‘l tashuvchisidir. 2022-yilda tashuvchining daromadi qariyb 63 mlrd rublni (688,7 million dollar) tashkil qildi.

2022-yil oxirida UKMK bilan bog‘liq asosiy aktivlarning umumiy daromadi (UKMKning o‘zi, “Kuzbassrazrezugol”, “Ugol-Trans” logistika kompaniyasi, “Rosterminalugol” va “Vostochniy porti”) qariyb 890 mlrd rubl (9,7 mlrd dollar), umumiy sof foyda esa 190 mlrd rubldan (2,07 mlrd dollar) oshgan. UMKM Rossiyadagi birinchi yirik mis ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.