O‘zbekistonda harorat 11−13-iyul kunlari +45 darajagacha ko‘tariladi

9−10-iyul kunlari O‘zbekistonga Erondan issiq havo kirib keladi, uning cho‘qqisi 11−13-iyul kunlari kuzatiladi: +43…+45 daraja. Keyinroq Kavkazdan salqinroq havo kirib kelishi hisobiga harorat 3−5 darajaga pasayadi. Iyul oyida anomal issiq kutilmaydi.

O‘zbekiston may oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi

May oyida O‘zbekiston xorijga 11 tonna oltin sotib, dunyoda oltin sotish bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqdi. Turkiya 63 tonna ko‘rsatkich bilan qimmatbaho metall savdosi bo‘yicha yana mutlaq yetakchiga aylandi.

Sanoat zonasi, gastronomik ko‘cha, xiyobonlar. Chilonzorda rejalashtirilgan loyihalar

Prezident Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 320 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etish, “Bo‘rijar” kanali qirg‘oqlarini obodonlashtirish va u bo‘ylab gastronomik ko‘cha hamda xiyobon qurish, shuningdek, transformatorlarni o‘rnatish kabi qator loyihalarni tasdiqladi.

Toshkent viloyatida diniy materiallarni tarqatib kelgan yigitning ozodligi 4 yilga cheklandi

Toshkent viloyatida Telegram orqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatib kelgan yigitning ozodligi 4 yilga cheklandi.

Jahon banki O‘zbekistonda issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga yordam beradi

Jahon banki issiqxona emissiyasini kamaytirish va xalqaro uglerod bozorlariga kirish loyihasi uchun O‘zbekistonga 46,2 mln dollarlik grant ajratmoqda. Parij kelishuvi doirasida mintaqadagi birinchi bunday tashabbus 2028-yilga kelib CO2 chiqindilarini taxminan 60 mln tonnaga kamaytirishga yordam beradi.

O‘zbekiston IIV inspektorlar uchun Litva kompaniyasidan 3,6 mln yevroga 7000 dona planshet sotib oladi

Litvaning Start Group kompaniyasi O‘zbekiston IIV xodimlari uchun 7000 ta planshet yetkazish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi va lot uchun 3,61 mln yevro taklif qildi. Bir planshet narxi taxminan 6,38 mln so‘m. Qurilma profilaktika inspektorlari, PPX xodimlari va boshqa xizmatlar ishini yaxshilashga yordam berishi kerak.

Avtomobilda xalqaro tashuv uchun ruxsatnoma berish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom qabul qilindi.

Qorako‘lda IT klaster tashkil etiladi

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida IT klaster tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda universitet, masofaviy IT xizmatlarini eksport qilish markazi, tadqiqot markazlari va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq boshqa obyektlar ochiladi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

Chiqindi ichidagi Kitob, vazifasini bajarmayotgan militsiya, o‘zbekistonliklar uchun haftasiga 800 dollarlik ish. O‘zbek matbuoti 7-iyulda nimalar haqida yozgan?

60 yil avvalgi reja bo‘yicha O‘zbekiston qachon kishi boshiga gaz iste’moli bo‘yicha AQShga yetib olib, batamom gazlashtirilgan mamlakatga aylanishi kerak edi? 30 yil avval Mirzo Ulug‘bek tumani nega birdan Zominda salomatlik markazi qura boshlagandi? Bu haqda “Gazeta.uz”ning “Eski gazetalar sharhi” ruknida o‘qing.