“Tolibon” harakati rahbariyati bir oy ichida Afg‘onistondagi barcha ayollar go‘zallik salonlarini yopishni buyurdi, deb yozmoqda BBC Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligiga tayanib.

Qaror 2-iyuldan kuchga kirdi. Biroq vazirlik salonlarni taqiqlash sababi va agar mavjud bo‘lsa, ularning o‘rniga qanday muqobil variantlardan foydalanish borasida izoh bermadi.

2021-yilda Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng go‘zallik salonlari faoliyat yuritgan, ammo “yopiq” belgisi ostida ishlagan. Salonlardagi ayollar tasvirlari bo‘yoqlar bilan bo‘yab tashlangan.

“Tolibon” 1996−2001-yillardagi birinchi hukmronlik davrida ham ayollar go‘zallik salonlarini yopgandi.

2022-yilda “Tolibon” ayollarning universitetlarda o‘qishini taqiqlab, qizlar uchun maktablarni ham yopgandi. Ko‘plab jamoat joylari, jumladan, hammom, sport zallari va bog‘lar ayollar uchun yopiq edi. Bundan tashqari, ularga hijob o‘rash shart etib belgilangan.