Ucell uyali aloqa operatori, CRPT Turon markalash operatori va O‘zbekistondagi boshqa kompaniyalarga egalik qiluvchi Digital Holding qo‘shma korxonasi o‘zining yuridik nomini undagi bitta harfni olib tashlagan holda Digital Olding`ga o‘zgartirdi. “Gazeta.uz” mazkur o‘zgarishga e’tibor qaratdi.

digital holding, digital olding, ucell, алишер uсмонов

Bu AQSh aprel oyida Alisher Usmonovning USM xoldingi va unga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritganidan so‘ng sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi istisno qilib, agar bu operatsiyalar Tojikiston yoki O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa, “Megafon” yoki Digital Invest foydasiga har qanday bitimlar, jumladan, Amerika tovarlari va texnologiyalarini sotish uchun muddatsiz litsenziya berdi.

Digital Olding asoschilari tarkibi ham o‘zgardi. Bundan oldin Digital Invest 51% nazorat paketiga ega bo‘lsa, hozir u 46,1% ni tashkil qiladi. 4,9% ulushning bir qismi Vakdesign (tijorat faoliyati va boshqaruvi bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatish), G-Will (ovqatlanishning boshqa turlari), Malon Commerce (bojxona rasmiylashtiruvi va yuk tashish xizmatlari) va ECAR Dealer`ga (axborot xizmati) egalik qiluvchi Vadim Anatolevich Kimga o‘tkazildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ulushi o‘zgarmadi — 49%.

Digital Holding 2021-yil avgust oyida USM Telecom, “MegaFon” va O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan. Uning tarkibiga Ucell va USM xoldingining O‘zbekistondagi aktivlari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan kiradi. Rossiya tomonidan Digital Invest kompaniyasi, O‘zbekiston tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ishtirok etdi. Keyinchalik “MegaFon” USM Telecom`dagi o‘z ulushini Digital Invest`ga sotdi.

Qo‘shma korxona Ucell (Coscom) uyali aloqa operatori, CRPT Turon markalash tizimining operatori, telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi Pervaya Bashennaya Kompaniya (Coscom bilan birgalikda — 99%) va New Solutions kompaniyalariga egalik qiladi.

“Gazeta.uz” 3 va 5-iyul kunlari kompaniyaga so‘rovlar yuborgan va javob kutmoqda.