22-iyun kuni O‘zbekiston Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sink va polimer qoplamali sovuq prokat ishlab chiqarish bo‘yicha Toshkent metallurgiya kombinati (TMZ) ta’sischilarining ishini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (49,9 foiz) TMZ aksiyalarining nazorat paketiga birgalikda egalik qiluvchi Kiprning Metalloinvest Holding (Cyprus) Limited (41,87%) va Miramonte Investments Limited (8,23 foiz) ofshor kompaniyalariga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi.

Jamg‘arma suddan investorlarni 2017-yil 26-yanvarda ro‘yxatdan o‘tgan “Toshkent metallurgiya zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischilari ro‘yxatidan chiqarishni so‘radi. 2022-yil 24-fevralda kompaniya qo‘shma korxona maqomini olgandi.

Da’vogar o‘z da’vosini asoslab, kombinatda bugungi kunda moliyaviy qiyinchilik yuzaga kelganligini, 2022-moliyaviy yil yakunlari bo‘yicha sof zarar 316,8 mlrd so‘mni, 2017−2022-yillarda to‘plangan zarar esa 916,92 mlrd so‘mni tashkil etganini ko‘rsatdi (taxminan 79,5 mln. dollar) va shuning uchun korxonaning moliyaviy holatini yaxshilash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini qayd etdi.

Xususan, qo‘shma korxona ta’sischilari 2023-yilga mo‘ljallangan biznes-rejani tasdiqlashi, shuningdek, ilgari jalb qilingan, muddati o‘tib ketgan kreditlarni qaytarish muddatlarini uzaytirishi kerak, deyiladi hujjatda.

алишер усмонов, tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, тмз, тошкент metallurgiya zavodi

Bundan tashqari, qarzlar va boshqa turdagi kreditlar berishga ixtisoslashgan, ustav kapitali 10 ming rubl (taxminan 111 dollar) bo‘lgan Rossiyaning “Xalqaro moliya texnologiyalari XXI” kompaniyasidan qo‘shimcha mablag‘ jalb etish kerakligi aytilgan. Bu korxonadan Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkasiga (7,5%) teng bo‘lgan foiz stavkasi bilan 24 oy muddatga 1,5 milliard rubl (16,7 million dollar) jalb qilish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, 2018-yil 24-oktabrdagi sindikatlashtirilgan kredit shartnomasi shartlariga muvofiq zavod mulkini garovga qo‘yish va boshqa masalalarni hal etish ko‘zda tutilgan, deyiladi hujjatda.

Ushbu choralarni ma’qullash uchun ko‘pchilik ovozi talab qilinadi. Boshqa muassislarning umumiy yig‘ilishda ishtirok etmasligi yig‘ilish uchun kvorumning yo‘qligiga va oqibatda yig‘ilish kun tartibi bo‘yicha qaror qabul qilishning imkonsiz bo‘lishiga olib kelishi aytilgan.

19-aprel kuni TMZ barcha ta’sischilarga, shu jumladan javobgar tomonga (Metalloinvest Holding va Miramonte Investments) qaror qabul qilish muhim bo‘lgan masalalar ro‘yxati bilan ishtirokchilarning navbatdagi umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risida bildirishnoma yuborgan. 2 va 5-may kunlari korporativ pochta orqali mazkur korxonalar rahbarlariga (javobgar tomonlarga) takroriy bildirishnomalar yuborilgan.

Kipr Metalloinvest Holding`gining 100 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi “Oskol elektrometallurgiya kombinati” AJ (“Metalloinvest” tuzilmasi USM xoldingiga tegishli, xolding egalaridan biri esa milliarder Alisher Usmonov hisoblanadi) o‘zining 5-maydagi maktubida javobgar tomon qo‘shma korxona faoliyatida, shu jumladan jamiyat a’zolarining umumiy yig‘ilishlarida qatnashishdan bosh tortishini ma’lum qilgan.

Sud qarorida qayd etilishicha, “Oskol elektrometallurgiya kombinati” o‘zining jamiyat ta’sischilari ro‘yxatidan chiqarib yuborilishiga qarshilik bildirmagan.

Ikkinchi javobgar tomon Miramonte Investments esa hujjatda aytilishicha, (AQSh Moliya vazirligi kompaniyaning Alisher Usmonovga aloqadorligini qayd etgan) 2022-yil martidan beri qo‘shma korxona faoliyatida, shu jumladan kompaniya ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishlarida qatnashmagan va jamiyat murojaatlarini javobsiz qoldirgan.

“Javobgar tomonlarning harakatsizligi jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun eng muhim qarorlarni qabul qilishni imkonsiz qilib qo‘ymoqda, bu esa, o‘z navbatida, kompaniyaning kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajarishga imkon bermaydi va kompaniyani bankrotlik xavfi ostiga qoldiradi”, deyiladi O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi da’vosida.

12-iyun kuni Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati da’voni qanoatlantirdi va Kipr kompaniyalari zavod ta’sischilari ro‘yxatidan chiqarildi. Shuningdek, javobgar tomondan 3,3 million so‘m sud xarajatlari undirilishi belgilandi.

Jamg‘arma sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini berdi va sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi qarorni o‘zgartirishni va xarajatlarni TMZ OOO qo‘shma korxonasidan undirishni so‘radi. Apellatsiyaga sabab qilib javobgar tomon Kipr rezidentlari ekani, O‘zbekistonning ushbu davlat bilan o‘zaro huquqiy yordam bo‘yicha ikki tomonlama kelishuviga ega emasligi, shu sababli Kiprda sud xarajatlarini undirish bo‘yicha sud qarorini ijro etish imkoni yo‘qligi ko‘rsatilgan.

Biroq apellyatsiya instansiyasi sudi da’vogarning vajlari Iqtisodiy protsessual kodeksning 118-moddasi bo‘yicha sud xarajatlarini qo‘shma korxonaga yuklash uchun asos bo‘la olmaydi, deb hisoblab, birinchi instansiya sudining 22-iyun kungi qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

“Katta rejalar”

алишер усмонов, tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, тмз, тошкент metallurgiya zavodi

Shavkat Mirziyoyev va Qobil Shodiyev (o‘ngda). Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil dekabr oyi boshida Toshkent metallurgiya zavodini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Loyihaga kiritilgan kapital qo‘yilmalarning umumiy miqdori 334,5 million yevrodan ortiqni tashkil etadi, shundan 164,56 million yevro Rossiya eksport-import bankining 10 yilga berilgan krediti, 154,7 million yevro o‘z mablag‘lari (taxminan yarmi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari), 15,1 million yevro — “Asaka” bank krediti hisoblanadi. Korxonaning o‘zini qoplash muddati hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 8,6 yilni tashkil etgan. Dastlab, loyihaning umumiy qiymati 278,2 million yevroga baholangan edi, biroq ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida loyihaga o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, bu o‘zgardi o‘zini qoplash muddati ham 9,3 yilgacha uzaydi.

Zavodni 49,7 gektar maydonda qurish loyihasi Rossiyaning Metprom guruhi tomonidan tayyor holatda topshirish asosida amalga oshirildi, ya’ni guruh loyihachi va bosh pudratchi sifatida ishladi. Korxona Italiyaning Danieli kompaniyasi texnologiyasi va avtomatlashtirilgan uskunalari bilan jihozlangan.

алишер усмонов, tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, тмз, тошкент metallurgiya zavodi

Loyihani amalga oshirishni SFI Management Group xorijiy kompaniyasi boshqarib, qurilish va foydalanishga topshirishning barcha bosqichlarini, jumladan, loyihani ishlab chiqish, barcha manfaatdor tomonlar bilan muzokaralar olib borish, investitsiyalar, kreditlar jalb qilish va xorijiy mutaxassislarni jalb etishni to‘liq nazorat qilgan.

TMZ mahsulotlaridan qurilish sanoatida (metall plitkalar, havo quvurlari, sendvich-panellar, qayrilgan profillar, engil po‘latdan yasalgan yupqa devorli konstruksiyalar ishlab chiqarish), maishiy texnika ishlab chiqarishda (korpuslar ishlab chiqarish) va mashinasozlikda (avtomobil kuzov qismlarini ishlab chiqarish) foydalanish rejalashtirilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zavod ishga tushirilishi bilan O‘zbekistonda talab mavjud bo‘lgan metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjiri shakllantirilishi, mahalliy korxonalarda lokalizatsiya darajasi sezilarli darajada oshishini ta’kidlagandi. Zavod ishga tushirilishi bilan birinchi bosqichda yiliga 400 million dollar chet el valyutasining mamlakatdan chiqib ketishining oldi olinishi kutilgandi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda O‘zbekiston 2,09 milliard dollarlik cho‘yan va po‘lat, 577,7 million dollarlik metall buyumlar import qilgan. 2022-yil oxirida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 2,5 milliard va 730,8 million dollarga oshgan.

O‘shandan beri “O‘zmetkombinat” AJ qoshida litiy-prokat majmuasini qurish ham davom etmoqda (narxi — 800 million dollar). Uning foydalanishga topshirilishi bilan TMZ bilan birgalikda “metallurgiya klasteri”ni yaratish rejalashtirilgan.

Ta’sischilar

алишер усмонов, tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, тмз, тошкент metallurgiya zavodi

Dastlab ustav kapitali 197,8 million yevro bo‘lgan “Toshkent metallurgiya kombinati” qo‘shma korxonasining ta’sischilari O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (49,9 foiz yoki 98,7 million yevro) va Niderlandiyaning Metallurgical Technology and Engineering B.V. korxonasi (50,1%, 99,1 mln yevro) bo‘lgan.

Loyihani boshqargan SFI Management Group (Alisher Usmonov Forbes nashriga bergan intervyusida kompaniya milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Qobil Shodiyevning oilasiga tegishli ekanligini aytgandi, Qobil Shodiyev TMZ ochilishida ishtirok etgan va prezidentga taqdimot qilgan), loyihada ishtirok etish taklifi bilan chiqqan.

Keyinchalik ta’sischilarning ro‘yxatida o‘zgarish bo‘lgan va Metallurgical Technology and Engineering B.V. ulushi 41,9 foizgacha kamayib, SFI Management Group 8,2 foiz ulushni olgan.

25-aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan sanoat ko‘rgazmasida “Metalloinvest” bosh direktori Nazim Efendiyev kompaniya “investitsiya kiritib, TMZ kapitaliga kirganini” ma’lum qildi. Metalloinvest Holding (Cyprus) Limited kompaniyasi Metallurgical Technology and Engineering B.V. o‘rnini egallab 41,8 foiz, Miramonte Investments Limited esa SFI o‘rnini olib 8,2 foiz ulush egasi bo‘ldi.

“Metalloinvest” va Miramonte Investments kompaniyalari aprel oyida AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga tushgan edi.

2020-yilning 30-iyuniga qadar kengligi 600 mm va undan ortiq (TN TIF kodlari 7210 49 000 0 va 7210 70 800 0) prokat yoki qotishmagan po‘lat importi uchun bojxona to‘lovlari undirilmagan. Keyin esa tovar bojxona qiymatining 10 foizi miqdorida boj joriy etildi. Hozir esa boj stavkasi 10 foizni tashkil etadi, lekin 1 kg uchun 0,25 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda undiriladi.