3-iyul kuni Qozog‘istonning FlyArystan loukoster aviakompaniyasi Ostona va Toshkentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘ladi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Mahalliy vaqt bilan soat 01:55 da bortida 180 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Aeroportda yangi yo‘nalish ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, unda Uzbekistan Airports rahbariyati, Qozog‘iston elchixonasi va aviatashuvchi vakillari ishtirok etdi.

Ostona-Toshkent-Ostona yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — dushanba va chorshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Kompaniya yaqin kelajakda parvozlar xaritasini Qozog‘iston va O‘zbekistonni bog‘laydigan yangi yo‘nalishlar bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

flyarystan, остона

Ma’lumot uchun, FlyArystan Qozog‘istonning loukoster aviatashuvchisi bo‘lib, shtab-kvartirasi Olmaotada joylashgan. Kompaniya Qozog‘istondagi eng yirik Air Astana aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda Ostona-Toshkent-Ostona hamda Olmaota-Toshkent-Olmaota yo‘nalishlarida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish belgilab olingandi.