1-iyul, shanba kuni yana ikki poytaxtlik velosipedchi yo‘l-transport hodisalaridan jabrlandi. “Gazeta.uz” mutasaddilarning e’tiborini tegishli velosport infratuzilmasi yo‘qligi hamda O‘zbekiston ko‘cha va yo‘llarida velosipedchilar har kuni duch keladigan xavf-xatarlarga qaratish maqsadida bunday hodisalar to‘g‘risida xabar berishda davom etadi.

Birinchi hodisa Mirzo Ulug‘bek tumanida, Temur Malik va G‘azalkent ko‘chalari chorrahasida, ikkinchisi esa Yunusoboddagi “Universam” savdo markazi yaqinida sodir bo‘lgan. Jarohat olgan velosipedchilar “Gazeta.uz”ga anonimlik sharti bilan tafsilotlarni so‘zlab berishdi. Birinchi velosipedchining yetkazilgan zararni qoplagan haydovchiga nisbatan da’vosi yo‘q. Ikkinchisi esa shaxsiy sabablarga ko‘ra oshkor bo‘lishini xohlamasligini aytdi.

Velosipedchi A. A. Temur Malik ko‘chasi bo‘ylab soat 20:00 da harakatlanib ketayotib, Matiz avtomobili bilan to‘qnashib ketgan.

“Men to‘g‘ri svetoforning yashil chirog‘idan o‘tib ketdim. Qayerdandir yo‘lning qarama-qarshi tomonidan Matiz chapga [G‘azalkent ko‘chasiga] burila boshladi. Shu tarzda yon tomondan yo‘limni to‘sib qo‘ydi”, — dedi jabrlanuvchi.

Velosipedchi oldingi g‘ildiragini avtomobilning yon orqa qismiga urib olgan, to‘qnashuv kuchi tufayli yelkasini mashinaga urgan, keyin esa asfaltga uchib ketgan. Erkak qo‘li, tizzasi va bilagidagi jarohatlar bilan qutulib qolgan.

Matiz haydovchisi YPX xodimi bo‘lib chiqdi. U baxtsiz hodisani qayd etmaslikni so‘ragan va velosipedni mashinaga yuklagan holda sportchini travmatologiya markaziga olib ketgan. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish va kerakli dori-darmonlar uchun 500 ming so‘m, buzilgan velosiped uchun ham 3 mlnso‘m to‘lagan.

“Haydovchi ustidan hech qanday shikoyatim yo‘q. U meni tashlab ketmadi va savdolashmadi”, — dedi jabrlanuvchi.

Bu kabi hodisa A.A. bilan birinchi marta sodir bo‘layotganiga qaramasdan, u, boshqa velosipedchilar kabi, umuman shaharda velosiped haydash xavfsiz emasligini ta’kidladi.

“Agar avtomagistralda velosipedchilar uchun alohida yo‘lak ajratilsa va uning butun uzunligi bo‘ylab, masalan, ustunlar bilan o‘ralgan bo‘lsa, vaziyatni o‘zgartirish mumkin. Xavfli haydaganlik uchun ham qattiqroq jazo qo‘llanilishi kerak. Ehtiyotsiz haydovchilarni 15 kunga qamoqqa olish kerak”, — deb hisoblaydi jabrlanuvchi.

Ikkinchi holatda, 1-iyul kuni soat 19:30 larda IBR yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonidan “Universam” yo‘nalishida harakatlanayotgan voyaga yetmagan velosipedchi B.B YTHga uchradi.

“Chap tomonga qaradim — mashinalar yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kirmayotgandi. Oldinga yurdim. Asfalt ho‘l edi. So‘nggi lahzada AYOQSHga kiradigan tomondan Matiz sekin chiqib keldi va zebra ustida to‘xtadi. Men tormoz bosdim. Asfalt ho‘lligi uchun to‘xtay olmadim va bir tomonga yiqildim, velosiped esa mashina tomonga uchib ketdi”, — dedi jabrlanuvchi.

Velosipedchining qo‘li va soni shilingan. Mashinaning esa g‘ildirak qopqog‘i singan. Haydovchi uni olib ketish uchun tushgan, u ham huquq-tartibot idorasi xodimi bo‘lib chiqdi. Erkak formada bo‘lgan. V.V.ning so‘zlariga ko‘ra, u indamay qalpoqchani olib, velosipedni chetga surgan va mashinaga o‘tirib, haydab ketgan.

velosipedchi, velosport, йтҳ

YTH sodir bo‘lgan joy.

Jabrlanuvchi mashina raqamini eslab qolgan, lekin ariza yozmoqchi emas. “Menimcha, sizga intervyuning o‘zi yetadi. Jiddiy jarohatlarim yo‘q”, — dedi yigit.

Velosipedchining aytishicha, u allaqachon bir marta kichik YTHga uchragan ham. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda xavfsiz ko‘chalar yo‘q.

“Veloterapiya” Facebook-hamjamiyati ma’muri Yuriy Xramovning aytishicha, yo‘l harakati holati xavfli bo‘lgani va velosipedchilar bilan sodir bo‘layotgan YTHlar ko‘paygani sababli ko‘plab triatlonchilar so‘nggi paytlarda mashg‘ulotlarga borishdan qo‘rqishmoqda.

Avvalroq “Gazeta.uz” 18-iyun kuni Toshkent-Chorvoq yo‘lida velosipedchi Nikolay Sderjikovni mashina urib ketgani haqida yozgan edi. Haydovchi yordam berish uchun to‘xtamadi. Ushbu marshrutda velosipedchilar muntazam ravishda uriladi.

May oyi oxirida shu yerda velosport bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni Anna Kuskova bilan ham YTH yuz berdi. U jamoadoshi bilan Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab haydab ketayotgan bo‘lgan. Ko‘chaning Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘li bilan kesishgan chorrahasida avtomobillar harakatlanishi taqiqlangan joyda bir mashina orqaga burilib, uni urib yuborgan.

Anna Kuskovani 2022-yil sentabrida ham mashina urib yuborgan edi. O‘shanda sportchi juda og‘ir jarohatlar olgandi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan vaqtda haydovchi telefonga qarab turgan.