2022-yil 2-fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi “Turkiston” metro bekati ustidagi ko‘chaning bir qismi foydalanishga topshirilganidan olti oy o‘tib cho‘kkani haqida xabar berilgandi.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, salkam 1,5 yil o‘tib, ya’ni 2023-yil 26-iyun kuni yo‘lda avtomobillar harakatlana boshlagan. Yo‘ldagi cho‘kishlar bartaraf etilgan va asfaltlangan.

аҳмад дониш, yo‘l, yo‘l чўкishi

аҳмад дониш, yo‘l, yo‘l чўкishi

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 29-avgust kuni Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida ikkita yangi — “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari foydalanishga topshirildi. Ularning qurilishi 2016-yilda boshlangan, yo‘nalishni uzaytirish 103,8 mln dollarga tushgan.

Yangi bekatlar qurilishi bilan bir vaqtda Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur ko‘chasidan Halqa yo‘ligacha bo‘lgan 2,2 km qismi ham rekonstruksiya qilindi. “Turkiston” bekati ustidagi mazkur ko‘chaning bir qismi ishga tushirilganidan olti oy o‘tib, 2021-yilning mart oyidayoq cho‘ka boshlagan.

Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha buyurtmachisi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-martdagi 162−7-sonli yopiq qarori bilan Transyo`lqurilish-Jizzax kompaniyasi pudratchi sifatida tendersiz tanlangan.

Loyiha Allegro Develop Plast loyiha instituti (keyinchalik nomi Allegro Develop Project etib o‘zgartirildi) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu muassasa velosiped yo‘laklari, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, Sergeli tumaniga olib boruvchi yangi avtoyo‘l va boshqa loyihalarni ham ishlab chiqqan.

Loyiha hujjatlariga ko‘ra, Allegro Develop Plast kompaniyasi qurilish maydonchasining muhandislik-geologik tadqiqotlari natijalari bo‘yicha (uchastka sharoitini o‘rganish, jumladan, rel’ef, tuproqning geologik tuzilishi, gidrogeologik sharoit, tuproq sharoiti va boshqalar) ham xulosalarini bergan.

Buyurtmachi va Transyo`lqurilish-Jizzax o‘rtasidagi bitim 2020-yil 22-aprelda imzolangan. Ishlarning dastlabki qiymati 61,2 mlrd so‘mga baholangan, biroq keyinroq 2020-yil 24-dekabrdagi qo‘shimcha kelishuv bilan bu ko‘rsatkich 81,18 mlrd so‘mga qadar oshirilgan.

Yo‘lda cho‘kishlar aniqlangandan so‘ng Transyo`lqurilish-Jizzax “Gazeta.uz”ga yo‘l 2021-yil mart oyidayoq cho‘kishni boshlaganini ma’lum qildi.

“Davlat xavfsizlik xizmati (DXX — tahr.) bir yil davomida to‘rtta mustaqil laboratoriya bilan tekshiruvlar o‘tkazdi. Aybdorlar aniqlandi, [dekabrdan] Transport prokuraturasi tergov olib bormoqda”, — deya ma’lum qilgandi kompaniya.

Kompaniyadan qayd etilishicha, yo‘lning asos qismi bilan yangi metro bekatlari qurilishi bilan shug‘ullanuvchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati qoshidagi “Ko‘prikqurilish” tresti korxonasi shug‘ullangan. Xususan, “Ko‘prikqurilish” trestiga qarashli 67-sonli ko‘prik qurish otryadi mansabdor shaxslari va obyektni qabul qilgan buyurtmachiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya ma’lum qilingandi Transyo`lqurilish-Jizzax tomonidan.

Pudratchi tuproq cho‘kib ketganidan so‘ng, ta’mirlash ishlarini olib borishga urinib, 1 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ sarflagan, biroq buyurtmachi tomonidan xizmat haqini to‘lamagani uchun ishni to‘xtatgan.

Jinoyat ishi

Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra 2021-yilning 14-dekabr kuni Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUK mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘shanda direksiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda qurilish ishlarini texnik nazorat qilish jarayoni talab darajasida olib borilmagan, yo‘l qurilish ishlari bo‘yicha buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilmagani oqibatida Ahmad Donish ko‘chasi bo‘ylab qayta ta’mirlangan avtomobil yo‘llarida cho‘kishlar yuzaga kelgani ma’lum bo‘lgandi.