Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi restoranda ayollarga stakan uloqtirgan erkakka jinoyat ishi ochildi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Tumanning “Guliston” mahallasida yashovchi fuqaro R.D. tanishlari bilan Shahrisabz shahridagi “Karavan” nomli oshxonada o‘tirganida Shahrisabz shahrida yashovchi B.Sh. fuqaro R.D. va uning tanishlari o‘tirgan oshxona stoliga kelib o‘tirgan. So‘ngra turib ketib, biror yetarli sabablarsiz oshxona stoli tomon ichimlik ichish uchun mo‘ljallangan shisha idishni otgan.

Oqibatda shisha idish fuqarolar R.D. va Q.S.larning yuz hamda bo‘yin sohasiga kelib tegishi sababli tan jarohati olib, shifoxonaga tushgan.

Hozirda holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan fuqaro B.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “v” bandi (sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bloger Nurbek Alimov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat videosiga munosabat bildirarkan, “bir ayolning xusnini buzib, butun umrli dahshatlar ichida yashashga majbur qilgan bu zo‘ravonlar qonun oldida tiz cho‘ktirilishi kerak”, deya ta’kidladi.