Facebook`dagi Velohavaskorlar guruhi ma’muri Yuriy Xramov Toshkent-Chorvoq trassasida haydovchilar muntazam ravishda sportchilarni urib yuborishi holatlari haqida yozib qoldirdi. Uning xabari 18-iyun kuni ertalab noma’lum haydovchi ushbu trassada velosipedchi Nikolay Sderjikovni urib yuborib, YTH joyidan qochib ketganidan keyin e’lon qilindi.

“Gazeta.uz” Yuriy Xramov bilan bog‘lanib, may oyi oxirida bu yerda velosport bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni Anna Kuskova bilan ham baxtsiz hodisa yuz berganini aniqladi. Tahririyat sportchi bilan suhbatlashdi.

“Bundan keyin qanday qilib mashg‘ulot o‘tkazish mumkin?”

Anna Kuskova 27-may kuni jamoadoshi bilan Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotganini esladi. Sportchilar ushbu ko‘chaning “Toshkent-Chorvoq” avtomobil yo‘li bilan chorrahasida joylashgan piyodalar o‘tish joyida burilishadi.

“Avtomobillarga burilish taqiqlangan. Hamma biz o‘tishimizga ruxsat berdi, lekin bitta mashina orqaga burilib, menga qarab to‘g‘ri keldi”, — deydi sportchi.

Videodan skrinshot.Videodan skrinshot.

“Yiqilib, meni bosishni boshlaganida, darhol avvalgi safarni esladim. Bu oldingisiga juda o‘xshash edi. Avvaliga vahimaga tushdim: „Bu qanday qilib yana bir marta sodir bo‘lishi mumkin?“ deb o‘yladim va keyin o‘zimni qo‘lga olib, tashqariga surildim, chunki boshim mashina ostida edi. Sudralib chiqdim, oyog‘im terisi shilingandi. O‘sha yerda YPX xodimi ham turardi, hammasini ko‘rdi. Lekin unchalik jabrlanmagandim va velosiped ham butun edi”, — deydi Anna Kuskova.

Videodan skrinshot.Videodan skrinshot.

“O‘z hayotingiz uchun qanday kurashishingiz kerak? Bundan keyin qanday qilib mashg‘ulot o‘tkazish mumkin?” sportchi voqea sodir bo‘lgan kuni Instagram-hikoyasida ushbu savollarni o‘rtaga tashladi (video 24 soat davomida saqlanib turdi).

Anna Kuskova 2022-yil 10-sentabrda ham xuddi shunday avariyaga uchragan. O‘shanda sportchi juda og‘ir jarohatlar olgandi.

“Bu oddiy mashg‘ulot edi. Sijjak hududida (Bo‘stonliq tumani — tahr.) yuqorida ishlayotgandik. Murabbiy ikki kilometr balandda turardi. Biz yuqoriga ko‘tarilishimiz, murabbiyning yonida qayrilishimiz, pastga tushishimiz, aylanib, yana ko‘tarilishimiz kerak edi. Oldimda, orqamda ham odamlar bor edi. Hech qanday qoidalarni buzmasdan haydab ketayotgandim va birdan orqamdan kuchli zarbani his qildim. Bundan old g‘ildiragim ko‘tarilib ketdi va velosiped o‘ngga, men esa chapga otilib ketdim”, — deydi Anna Kuskova.

“Yiqilib tushdim va mashinaning old g‘ildiragi ustimdan o‘ta boshlaganini his qildim. Old g‘ildiragi bilan ustimdan bosib o‘tib to‘xtadi. Jamoadoshlarim darhol murabbiyni chaqira boshlashdi. Haydovchi mashinadan tushib, meni tortib olishga urindi. Men tegmaslikka ishora qila boshladim, chunki menga tekkanida nafas olishim juda og‘riqli edi. Qizlar haydovchiga menga tegmaslikni aytishdi”, — deya eslaydi sportchi.

Anna Kuskova Glazgoda baxtsiz hodisadan bir necha hafta oldin. Foto: Instagram.Anna Kuskova Glazgoda baxtsiz hodisadan bir necha hafta oldin. Foto: Instagram.

“Murabbiy yetib kelgach, darhol tez yordam chaqirdi, — deya davom ettiradi Anna Kuskova. — Brigada 10−15 daqiqada yetib keldi”.

“O‘sha paytda ichimdagi hamma a’zolarim qattiq og‘riyotgandi. Tez yordam mashinasi meni G‘azalkentdagi eng yaqin shifoxonaga olib bordi. Darhol rentgenga tushirishdi va meni operatsiya xonasiga olib borishdi. Bularning barchasi ertalab soat 10 da sodir bo‘ldi va men operatsiyadan keyin soat 23:00 da o‘zimga keldim”, — deydi sportchi.

Unga oshqozon osti bezi yorilishi, qorin bo‘shlig‘i a’zolari va yumshoq to‘qimalarining ezilishi, ichki qon ketishi tashxisi qo‘yilgan. U ikki litr qon yo‘qotdi. Sportchi ikki oy kasalxonada yotdi va bir necha oy davomida stoma bilan yurdi.

“Birinchi ikki kun juda qiyin bo‘ldi. Keyin meni Toshkentga o‘tkazishdi. Reanimatsiyada bo‘lgan dastlabki to‘rt kun davomida umuman uxlamadim, buning iloji yo‘q edi: barcha a’zolarim tinimsiz og‘rirdi, har to‘rt soatda og‘riq qoldiruvchi vositalar qilinardi”, — deydi Anna Kuskova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u besh kun kasalxonada bo‘lganidan keyingina qarindoshlarini ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan, dastlabki 10 kun davomida u yeb-icha olmagan. Qiz bir oy davomida og‘riq qoldiruvchi dori ichib yurgan.

Anna Kuskova. Foto: Instagram.Anna Kuskova. Foto: Instagram.

Anna Kuskovaning so‘zlariga ko‘ra, jinoiy sud haydovchiga velosiped davlatga tegishli bo‘lgani sababli uning narxini qoplashni talab qilgan. “Menga esa hech narsa to‘lamadi. To‘g‘ri, dori-darmonlar uchun 15 mln to‘ladi, biz esa 45 mln dan ko‘proq pul sarfladik”, — deydi sportchi.

Professional velosipedchilar xalqaro sport klubi direktori Farrux Xudoyqulovning aytishicha, voqea guvohlari va Annaning jamoadoshlarining so‘zlariga ko‘ra, avtohalokat vaqtida haydovchi telefonga chalg‘igan. “Velosiped narxini (12 ming yevrodan ortiq) qoplamadi. Sportchining davolanishi uchun Velosport federatsiyasi homiylar hisobidan mablag‘ ajratdi”, — deydi Farrux Xudoyqulov.

“U hozir safda. Ammo baxtsiz hodisadan oldin u Yevropadagi ko‘plab musobaqalarda o‘zini yaxshi ko‘rsatgandi, Yevropa velosport klublari bilan shartnoma imzolash uchun ikkita taklif olgandi. U va Yanina (Annaning singlisi, Osiyo chempioni — tahr.) oilaviy iqtidorga ega”, — dedi Farrux Xudoyqulov.

Velosipedchilar bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar sabablari

Farrux Xudoyqulovning aytishicha, 2022-yilda professional sportchilar trassada mashg‘ulot o‘tkazayotgan Qoraqamish hududida haydovchi tezlik chegarasi va belgilarga qaramay, boshqa sportchi bilan to‘qnashib ketgan, 2021-yilda esa Toshkent-Chorvoq yo‘lida haydovchi urib yuborgan velosport faxriylaridan biri hodisa joyida vafot etgan.

“Velosipedchilar ishtirokidagi YTHlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarim yo‘q, biroq velosportni rivojlantirish bo‘yicha ishchi komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tganida, IIV vakillari raqamlarni aytishgandi. Ular meni juda xavotirga soldi, — deydi Farrux Xudoyqulov. — Vazir o‘rinbosari murabbiyimiz Lyudmila Vasilevnaga sportchilar xavfsizligini ta’minlashda har tomonlama yordam berishga va’da berdi. Ehtimol, belgilar o‘rnatishni nazarda tutgandir”.

Illyustrativ foto: O‘zbekiston Velosport federatsiyasi.Illyustrativ foto: O‘zbekiston Velosport federatsiyasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sportchilarni tayyorlash uchun sharoitlar mavjud, buning uchun Toshkent-Chirchiq yo‘li juda mos keladi. “Sportchilar yo‘lda o‘zini qanday tutishni yaxshi bilishadi, chunki ularga muntazam ravishda ko‘rsatmalar beriladi”, — deydi Farrux Xudoyqulov.

“Ammo qonunlarga amal qilish, huquqni qo‘llash amaliyoti oqsoq. Qonunlarimiz mukammal, deb hisoblayman. Ha, kamchiliklar yo‘q emas. Biroq fuqarolar ba’zilar jarimaga tortilib, boshqalar tortilmaydigan, ba’zi qonunbuzarliklar ko‘rinib, boshqalari esa ko‘zga tashlanmaydi degan fikrda bo‘lmasliklari, balki jazo muqarrar ekanini anglashlari kerak”, — dedi u.

Farrux Xudoyqulov Toshkent-Chorvoq avtomagistralida yo‘l chetini jismonan ajratish variantini absurd deb atadi.

“Qachongacha biz yo‘llarni xavfsiz qilish uchun devor va to‘siqlar bilan o‘rab olamiz? Chet elda sportchilarga pullik avtotrassalarda haydashlari mumkin emas. Lekin Toshkent-Chorvoq bunday avtomagistral emas-ku. Qonunga ko‘ra, yo‘l chetida uzluksiz chiziq mavjud bo‘lib, uning o‘ng tomonida faqat piyodalar, velosipedchilar va ot-ulovli transport vositalari harakatlanishi mumkin. Amaldagi qoidalar ishlashi uchun yangi qarorlar qabul qilishning hojati yo‘q. Ular bunday ishlamaydi. Shunchaki, rioya qilinishi kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining o‘zi velosipedchilarni mensimaydi. Bu, ayniqsa, 10−14-may kunlari Toshkent viloyatidagi yo‘l uchastkalari to‘sib qo‘yilgan “Oqtosh-Chorvoq Mountain” shosse velosport xalqaro musobaqalarida yaqqol ko‘zga tashlandi.

Illyustrativ foto: O‘zbekiston velosport federatsiyasi.Illyustrativ foto: O‘zbekiston velosport federatsiyasi.

“Biz butun dunyo bo‘ylab ular qilgan ishni qildik: yo‘l qisman yopildi. YPX xodimlari bizga katta yordam berishdi, ularga hech qanday shikoyatimiz yo‘q, faqat rahmat aytamiz. Dunyoning turli burchaklaridan 60 nafar sportchi keldi. Lekin odamlar, bloggerlar juda salbiy gapirishdi! Bizda xalqaro musobaqa o‘tkazilayotganidan jig‘ibiyron bo‘lishdi. Salbiy fikrlar ko‘p bo‘ldi. Yo‘l yopiq bo‘lishiga qaramay, bir necha qimmatbaho xorij avtomashinalari haydovchilari YPX xodimlarining ko‘rsatmalariga amal qilmay, musobaqa o‘tkazilayotgan yo‘lga chiqib ketishdi”, — deydi Farrux Xudoyqulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu harakatlar natijasida mazkur musobaqalarda komissari ishtirok etayotgan Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) mezbon tomon sportchilar xavfsizligini ta’minlay olmagani, fuqarolik avtomobillari tadbir uchun yopilgan trassaga chiqib ketganini ma’lum qilgan.

“UCI bizni ogohlantirdi, agar biz kelasi sentabr oyida 50 mamlakatdan sportchilarni jalb qiladigan musobaqalar o‘tkazmoqchi bo‘lsak, bu muammoni hal qilishimiz kerak”, — dedi u.

“Fuqarolik javobgarligi bo‘lishi kerak. O‘zimizni ozgina bosib turishimiz kerak. Axir bu davlat obro‘si, — deydi Farrux Xudoyqulov. — Chet elga borganimizda, aholining o‘zi bizni ustuvor yo‘l foydalanuvchilari sifatida qabul qiladi. Tor avtomobil yo‘lida hatto jamoat transporti ham velosipedchilarni o‘tkazish uchun to‘xtaydi. Sportchilarga esa yuqori martabali amaldorlardek, juda hurmatli munosabatda bo‘lishadi”.

Farrux Xudoyqulov o‘tgan yil davomida o‘zbekistonlik velosportchilar xalqaro sport maydonlarida katta muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi. Sportchilarimizga homiylik qilish istagida bo‘lgan jahonga mashhur brendlarning o‘nlab takliflari shundan dalolat beradi.

“Shunchaki ushbu brendlarning nomlari sportchilarimiz liboslarida turishi uchun. Velosipedchilarga homiylik qilish butun dunyoda rivojlangan, chunki ular o‘zlari yuradigan davlatlar va shaharlarda ushbu brendlarni ko‘z-ko‘z qilishadi. Mamlakatimizda hukumat tomonidan homiylar uchun belgilangan imtiyozlar bo‘lishiga qaramay, tadbirkorlar tomonidan velosipedchilarni qo‘llab-quvvatlash umuman rivojlanmagan. Bizni faqat OKMK qo‘llab-quvvatlayapti”, — dedi Farrux Xudoyqulov.

2021-yilning noyabr oyida “Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva ham haydovchi va yo‘lovchining aybi bilan YTHga uchragandi. Muxbir Toshkentning Beshag‘och ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib, Islom Karimov ko‘chasi bilan kesishgan chorrahaga yaqinlashib kelayotgan edi. Shu payt avtomobilning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchi orqa ko‘zguga qaramay eshikni ochib yuboradi. Jurnalist rulni keskin o‘ngga burishga majbur bo‘ladi va baland bordyurga borib uriladi. Yiqilish natijasida qo‘lini qattiq jarohatlaydi. Yo‘lovchi uzr so‘rab, eshikni yopadi. Ular velosipedchi qizga hech qanday yordam ko‘rsatmasdan ketib qolishadi. Chorrahada bir nechta mashina to‘xtab qolganiga qaramasdan, jarohatlangan qizga hech kim yordam bermaydi.

Avvalroq “Gazeta.uz” velosipedchi Andrey Barishev Toshkentda prezident korteji o‘tishidan oldinroq fuqarolik kiyimidagi shaxs tomonidan kaltaklangani va haqoratlangani haqida ham yozgan edi.