Qachonlardir Toshkentning deyarli har bir parkida odamlar shahar plyajlaridan foydalana olardi. 1990-yillardan boshlab ularning soni muntazam kamaya boshladi va 2017-yilga kelib Markaziy Osiyoning aholi soni bo‘yicha eng yirik shahrida birorta ham bepul va qonuniy cho‘milish mumkin bo‘lgan joy qolmadi (“Gazeta.uz” bu haqda o‘tgan yili “Cho‘milish taqiqlanadi. Toshkent qanday qilib shahar plyajlarisiz qoldi?” maqolasida yozgandi).

2022-yilgi yozgi mavsum yopilishi arafasida sobiq Komsomol ko‘li qoldiqlari o‘rnida “Qumlik” plyaji ochildi. Bu yil yozda esa “Yangi O‘zbekiston” parkida ham plyaj ochildi. U mustaqillik yillarida — so‘nggi 32 yilda — poytaxtda qurilgan dastlabki plyaj bo‘ldi. Ikkala plyaj ham pullik.

“Gazeta.uz” muxbirlari ushbu suv havzalarida bo‘lib, cho‘miluvchilarning bu yerdagi narx-navo va qulayliklar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Milliy bog‘dagi “Qumlik” plyaji

“Qumlik” plyaji bir vaqtlar toshkentliklarning sevimli maskanlaridan biri hisoblangan sobiq Komsomol ko‘li o‘rnida tashkil etilgan. Sovet davrida plyaj bepul bo‘lgan, 2000-yillarda esa hordiq chiqaruvchilarga og‘irligi tushmaydigan to‘lov joriy qilingan. Ko‘lning ustunliklari ko‘p edi: shahar markazidagi qulay joylashuv, sirpanchiq bo‘lmagan qumlik tub, kattaligi, sokin oqim. Suv havzasining atrofi ko‘p yillik katta daraxtlar orasida edi. Yangi plyaj bunday sifatlarga ega emas.

Yaqqol farq — suv yuzasining maydoni. Cho‘milish mumkin bo‘lgan joy karrasiga qisqargan va ko‘proq basseynni eslatadi. U katta bo‘lmagan ikki hududga — bolalar va kattalar uchun mo‘ljallangan qismlarga ajratilgan. Eng chuqur joyi 1,5 metr. Suvi, avvalgidek, Bo‘rijar kanalidan olinadi va ko‘lga tushishidan avval filtratsiyadan o‘tkaziladi.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

“Suv va plyajdagi qum juda toza. Men Moskvadanman va bu yerga kelganimdan so‘ng suzish uchun uzoq vaqt ochiq suv havzalarini izladim. Har holda quyosh va suv nafaqat zavq beradi, balki salomatlik uchun ham foydali. Albatta, basseyn kattaroq bo‘lsa yaxshi edi. Umid qilamanki, kelgusida plyaj hududi kengaytiriladi”, — dedi shu yerda hordiq chiqarayotganlardan Mixail Jukov.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Plyajning ikkinchi sezilarli kamchiligi — tubining rezina ekani. Kattalar uchun mo‘ljallangan basseyn boshdan-oyoq rezina membrana bilan qoplab chiqilgan. U shilliq bo‘lib qolib, ustida yurganda oyoq juda sirpanadi.

Qirg‘oq bo‘ylab suvga xavfsiz sho‘ng‘ish imkonini beruvchi g‘adir-budir qoplamali yo‘laklar yo‘q. Komsomol ko‘lining qumli tubi va asta-sekin chuqurlashib borgani sababli unda suvga xavfsiz sho‘ng‘ish mumkin edi va unda nafaqat suzish, balki yursa ham bo‘lardi. Yangi ko‘lda bunday qilolmaysan.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Bolalar uchun mo‘ljallangan cho‘milish zonasi uchburchak basseyn ko‘rinishida bo‘lib, uning tubiga mayda shag‘al tashlangan Ammo bu yerda o‘yinqaroqliq kilayotgan bolalarni ko‘rmaysiz — havzaning bu qismi sayoz bo‘lgani bois bu yerda suv kattalar basseyniga nisbatan tezroq va kuchliroq isiydi.

Plyaj tashrifchilarining fikricha, bu yerda bexavotir suzib, cho‘milish uchun ko‘lni parkning sayrlarga mo‘ljallangan qismidan devor bilan ajratish kerak, toki sayr qiluvchilar cho‘miluvchilarni ko‘rmasin

Plyaj hududi ozoda. Soyabonlar shezlonglarni soya qilib turibdi, ammo bu yerda hordiq chiqaruvchilar hatto dam olish kunlari ham ko‘p emas. Bu yerdagi narx akvaparklardagi narx-navo bilan bir xil yoki yuqoriroq ham. Butun oilasi bilan dam olaman deb kelgan odam uchun ancha qimmatga tushadi.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Bolalar uchun kirish narxlari:

  • Ish kunlari 2 soat — 40 ming so‘m;
  • Dam olish kunlari 2 soat — 60 ming so‘m;
  • Ish kunlari to‘liq — 140 ming so‘m;
  • Dam olish kunlari to‘liq — 160 ming so‘m.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Kattalar uchun kirish narxlari:

  • Ish kunlari 2 soat — 80 ming so‘m;
  • Dam olish kunlari 2 soat — 120 ming so‘m;
  • Ish kunlari to‘liq — 200 ming so‘m;
  • Dam olish kunlari to‘liq — 250 ming so‘m.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Bu pul evaziga tashrifchilarga soyabon, shezlong, xalat, sochiq, buyumlarni saqlash uchun shkaf va, agar zarur bo‘lsa, havo bilan shishirilgan (damlama) ballon bepul beriladi. Kirishda kiyim almashtirish va yuvinib olish uchun mo‘ljallangan oltita yog‘och kabina o‘rnatilgan. Ko‘pchilik o‘z sochig‘i va ballonlarini olib kelishni ma’qul ko‘radi. Shu yerdagi barda ichimliklar va fastfud sotiladi.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

“Biz plyajga butun oilamiz bilan birga keldik. Biz mo‘ljal olgan narx butun kunga emas, balki atigi ikki soatga mo‘ljallanganligini kassada bildik. Bu vaqt juda kam — to kiyimlaringni almashtirib, joylashib olguninggacha ham ko‘p vaqt ketib qoladi, — deydi plyajga kelgan ayollardan biri. — Men, masalan, cho‘milmayman, lekin kirish uchun baribir pul to‘ladim. Balki park ma’muriyati shunchaki o‘tirish uchun yoki ko‘pchilik bo‘lib kelganlarga qandaydir chegirmalar qilishi kerkadir”.

Kirish narxining haddan tashqari yuqori ekanini boshqalar ham ta’kidlamoqda. Bu holatda o‘rta statistik oila dam olish kunlari plyajda hordiq chiqarishni o‘ziga ravo ko‘rolmaydi, muntazam tashrif buyurishni-ku gapirmasa ham bo‘ladi.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Ozoda va yaratilgan qulayliklariga qaramay, yangi plyaj tabiat qo‘ynidagi hordiq hissini berolmaydi va toshkentliklar uchun 80 yil davomida har cho‘milish mavsumida to‘ldirilgan katta ko‘l o‘rnini bosolmaydi.

“Yangi O‘zbekiston” parkidagi plyaj

Shahar chekkasidagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi plyaj — toshkentliklar uchun 1990-yillardan beri qurilgan ilk qumli sohildir. Uning maydoni 0,6 gektar bo‘lib, park ma’muriyatidan ma’lum qilishlaricha, bu yerda 400 kishi bir vaqtda hordiq chiqarishi mumkin.

Plyaj dushanba kuni 12:00 dan 22:00 gacha, seshanba-yakshanba kunlari esa 10:00 dan 22:00 ga qadar ishlaydi. Kassa 20:00 da yopiladi.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Narxlar:

  • Kattalarga: ish kunlari — 60 ming so‘m; dam olish kunlari — 90 ming so‘m.
  • 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarga: bepul.
  • 5 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga: ish kunlari — 40 ming so‘m, dam olish kunlari — 60 ming so‘m.
  • Pensionerlarga: ish kunlari — 30 ming so‘m, dam olish kunlari — 45 ming so‘m.

Plyajga “Mashinasozlar” metro bekatidan 190-avtobusda, taksida yoki shaxsiy mashinada yetib borish mumkin. Bekatdan plyajgacha piyoda borish kerak. Yo‘l taxminan yarim soatcha vaqt oladi.

“Shaharda yashaydiganlar uchun uzoqlik qiladi. Park hududi katta ekanini ham hisobga olish kerak. Park darvozasidan plyajgacha uzoq yurish kerak, bunday jaziramada yosh bolalar va keksa kishilarga og‘irlik qiladi”, — deydi plyaj mehmonlaridan Zinaida Hojiyeva.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Bu yerda dam oluvchilar ko‘p. Ma’muriyat bunchalik ko‘p odam keladi deb kutmaganini tan oldi. Odamlar yo‘qolib ketgan shahar plyajlarini sog‘inib qolgani ko‘rinib turibdi.

“Yil boshida biz birinchi galda sayyohlar va relokantlar iltimoslariga ko‘ra jamoat plyajini qurishni rejalashtirgan edik. Hozir poytaxtda bizning iqlimimiz va quyoshimizni juda yaxshi ko‘radigan ko‘plab chet elliklar yashayapti. Ammo ular cho‘milish mumkin bo‘lgan joylar taqchilligiga duch kelmoqda. Shu bois biz uch oy ichida bu plyajni ishga tushirdik”, — dedi plyaj boshqaruvchisi Farrux Muhammadiyev.

Ko‘l uch qismga bo‘lingan. Cho‘milish joyi sifatida 0,44 gektarlik markaziy havza tanlangan. Uning maksimal chuqurligi 1,7 metrni tashkil etadi.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Ko‘lga suv yer ostidan keladi, ammo park ma’muriyati suvning haqiqiy manbasini aytib bera olmadi. Sun’iy yo‘ldosh xaritalariga ishoniladigan bo‘lsa, suv Chirchiq daryosidan oqib keluvchi kanaldan olinadi. Suv yo‘li ko‘l va park chegarasida yaqinida uzilib, so‘ng Yangi O‘zbekiston ko‘chasidan o‘tgach yana paydo bo‘ladi.

Qizil chiziq bilan kanal ajratib ko‘rsatilganQizil chiziq bilan kanal ajratib ko‘rsatilgan

Farrux Muhammadiyevning aytishicha, suv to‘rt bosqichli filtratsiyadan o‘tadi va suv havzasining butun maydoni bo‘ylab aylanib, almashib turadi. Bu esa sezilar-sezilmas oqimni yuzaga keltiradi. Hordiq chiqaruvchilar suv sifatidan mamnun.

“Suv juda toza, harorati ham ayni cho‘milishbop. Faqat bolalar bemalol o‘ynab, cho‘milishi uchun alohida joy qilishsa yaxshi bo‘lardi. Ko‘l juda qiya, birdan suvga tushasiz: hozir bola ikki qadam qo‘yishi bilan, suv ostida qolishi, cho‘kib ketishi mumkin”, — deydi Toshkentga mehmonga kelgan Aleksandra Gutchenko va Yevgeniy Verenkov.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Bolalarga mo‘ljallangan hududning yo‘qligi — tashrifchilarning yagona e’tirozi emas. Havza tubidagi rezina qoplama, Milliy bog‘dagi kabi, sirpanchiq, harakatlanish uchun unchalik ham qulay emas. Qirg‘oq bo‘ylab xavfsiz sho‘ng‘ish uchun g‘adir-budir qoplamali maxsus yo‘laklar o‘rnatilgan, ammo ular hamma uchun yetarli emas, navbat yuzaga kelyapti.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Cho‘milayotganlarni qutqaruvchilar kuzatib turadi. Suzishni bilmaydiganlar shu yerdagi do‘kondan damlama ballonlar va matraslarni sotib olishi mumkin. Shezlong va soyabonlar plyaj ma’muriyati tomonidan bepul taqdim etiladi. Zarurat tug‘ilsa, hordiq chiqaruvchilar tibbiyot punktiga murojaat qilishi mumkin.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Plyajda qumning borligi tashrifchilarni xursand qilmoqda. Ko‘pchilik qirralar va tabiatga yot hisoblangan plitkalar sabab basseyn va akvaparklar bu yerdagi kabi hissiyotlarni taqdim eta olmasligini ta’kidlamoqda.

“Bu yerda haqiqiy qum borligi uchun ham plyaj ustun keladi, — deb hisoblaydi Elmira Nurahmedova. — Xuddi dengizda dam olayotgandek bo‘lasan. Oyog‘ing ostida shunday yumshoq yer bo‘lsa, yurish va quyoshda toblanish ham bir yoqimli bo‘ladi. Qumda o‘yin o‘ynash mumkinligidan ayniqsa bolalar xursand. O‘g‘lim va qizim qumga ko‘milib, qumli qasr qurishga ham ulgurdi. Bu joy bizga juda yoqdi, endi butun yoz qatnaymiz”.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Plyajda erkaklar va ayollar uchun alohida kiyim almashtirish joylari bor. Har birida uchtadan dushxona, kiyim almashtirish uchun ikkitadan kabina va bitta hojatxona bor. Buyumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan shkafchalar ham shu yerda. Tashqarida ochiq dush ham bor.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Plyajga o‘zi bilan ovqat olib kelish mumkin emas. Ma’muriyatning tushuntirishicha, bu taqiq plyajning ozodaligini saqlashga doir xavotir bilan bog‘liq. Yeguliklarni shu yerdagi do‘koncha yo restorandan sotib olish taklif qilinadi. Parhezda bo‘lgan yoki bolalar ovqati bilan kelgan tashrifchilar uchun ma’muriyat qoidadan tashqari istisno qilishga tayyor. Taomni buning uchun alohida ajratilgan joylarda tanovul qilish mumkin.

Plyajning yonida katerda suzish uchun alohida ko‘l va skameykali dam olish hududi bor. Park ma’muriyati keyinchalik bayramlar tashkil etiladigan va turli tomoshalar qo‘yiladigan suzib yuruvchi orolni qurishni ham rejalashtirgan.

plyaj, toшкент, cho‘milish joylari, shahar plyajlari

Bepul plyajlarning yo‘qligi — bu, katta ehtimol bilan, qaror qabul qilish, shaharni rejalashtirish darajasidagi muammo. Nima uchun parklar va xiyobonlar boru, lekin suvga tushishga ruxsat yo‘q? Bu kamchilik”, — deya ta’kidlagandi urbanist Arkadiy Gershman avvalroq “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida.

Munitsipal plyajlar jahonning ko‘plab shaharlarida bor. Plyaji bor shaharlarda cho‘milish joylari uchun zarur infratuzilma — qutqaruvchilar, dushxonalar, yordam ko‘rsatish punktlari — mahalliy budjet tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Mablag‘ning bir qismi tadbirkorlardan ham tushadi: plyajlarda kafelar bo‘ladi, shezlonglarni ijaraga berish kabi pullik xizmatlar ko‘rsatiladi. Ayni vaqtda, ayrim shahar plyajlari pullik bo‘lishi ham mumkin.

“Ishni parklar, ko‘llardagi umumiy cho‘milish joylarini tashkil etishdan boshlash kerak. Qandaydir bo‘lsa ham imkoniyat yaratish kerak. Ana shunda bu jamoatchilik uchun mo‘ljallangan ne’matga aylanadi”, — deya ta’kidlagandi mutaxassis.

Plyajlarni tashkil etish va saqlash — aqlli rejalashtirishni talab qiluvchi uzoq va qimmat jarayon. Toshkentda ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng yana plyajlarning paydo bo‘layotgani kishini xursand qiladi. Ammo ularning avvalgidek hammabop emasligi ranjitadi. Ochiq va xavfsiz jamoat plyajlari qancha ko‘p bo‘lsa, kishilar hayotini xavf ostiga qo‘yib, taqiqlangan joylarda cho‘milishi bilan bog‘liq holatlar ham shuncha kamayadi.