Senatning 42-yalpi majlisida bayroqdan foydalanishdagi cheklovlarni yumshatuvchi qonun loyihasi muhokama qilinib, ma’qullandi. Mazkur hujjat loyihasi 3 kun oldin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingandi. Loyihaning o‘zi 1-iyunda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va 16-iyunda yakunlangan.

Prezident qonunni tasdiqlasa, davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham foydalanishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkin.

Davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos o‘rnatilmoqda. Davlat bayrog‘i tasvirini ustki kiyimga bezatish maqsadida aks ettirish mumkin.

Davlat bayrog‘i va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi hollarda — O‘zbekiston Respublikasi vakili bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qo‘llashda hamda xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.

Senat raisi Tanzila Narbayeva ushbu o‘zgarishga to‘xtalib o‘tdi.

“Bu boradagi tartib-taomillarni yanada erkinlashtirib aniqlashtirish, xalqimizning xursandchilik kunlarida, xonadonlarda bayrog‘imiz hilpirab turishiga imkon berish, sodda qilib aytganda, bayrog‘imiz tom ma’nodagi xalq bayrog‘i bo‘lishiga erishishdir. Shu bilan birga, qonun bilan bayrog‘imizga nisbatan hurmatsizlik va nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka oid aniq normalar belgilanayotgani ham nihoyatda muhim, zero, gap davlatimiz ramzi haqida bormoqda”, — dedi u.

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, davlat bayrog‘idan erkin foydalanish zaruriyatiga ham to‘xtalib o‘tgan edi.

Amaldagi prezident, davlat bayrog‘idan faqat bayram va marosimlarda yoki sport musobaqalarida ko‘tarishda foydalanilayotgani, endilikda esa uning har bir xonadonda xilpirab turishiga ruxsat beruvchi hujjatni qabul qilish vaqti yetganini ta’kidlagandi.

“Parlamentdagi deputat va senatorlardan bu boradagi hujjat loyihasini qabul qilishda bugungi hayotiy zaruratni ham e’tiborga olishlarini so‘rar edim”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yilning noyabrida O‘zLiDeP davlat bayrog‘idan foydalanishga qo‘yiladigan talablarni soddalashtirish, jumladan, bayroqni uy va ish joylariga o‘rnatishga ruxsat berish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bundan tashqari, bayroqdan foydalanish bilan bog‘liq javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish ham taklif etilgandi.