Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 21-iyun kuni Lockton Hub mas’uliyati cheklangan jamiyatiga O‘zbekiston hududida kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun birinchi litsenziyani berdi.

Lockton Hub MCHJ ta’sischisi Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida ro‘yxatdan o‘tgan Lockton Solution LLC-FZ hisoblanadi va ustav kapitali 10 million so‘mni tashkil etadi. Korxonaning texnik hamkori esa Distributed Lab ekani aytilgan.

Ma’lumot o‘rnida, kripto-depozitariy — kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish yuzasidan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot hisoblanadi. Kripto-depozitariy bu sohada xizmatlar ko‘rsatuvchi provayderlarning bir turi hisoblanadi. Bunday korxona sifatida faqat O‘zbekiston rezidenti hisoblangan yuridik shaxslar faoliyat olib borishi mumkin.

Litsenziyalash talablari va shartlari doirasida bunday tashkilotlar platforma va boshqa dasturiy ta’minotni O‘zbekistondagi serverlarga joylashtirishi, kripto-aktivlar bilan bog‘liq barcha operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni, platforma ishtirokchilarining identifikatsiya ma’lumotlarini, xizmatlar provayderining platforma ishtirokchilari bilan munosabatlariga oid materiallarni (shu jumladan, platforma ishtirokchilari o‘rtasida), xususan, ish yozishmalarini besh yil davomida saqlashi shart hisoblanadi.