Qozog‘istonning Olmaota shahrida avtoturargohlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov tizimini kuzdan joriy etish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Zakon.kz shahar hokimi Yerbolat Dasayev bayonotiga tayanib.

“Biz joriy qilishni istayotgan tabaqalashtirilgan to‘lov tizimi bo‘yicha: markazdagi avtoturargohlar butun dunyoda bo‘lgani kabi qimmatroq bo‘ladi, markazdan uzoqlashgan sari stavka ham pasayib boradi. Shu sababdan tabaqalashtirilgan tarifni joriy yilning kuzida joriy qilamiz. Umid qilamanki, sentabr oyida biz bu ishni yakunlab, maslihat ko‘rib chiqishi va bizni qo‘llab-quvvatlashi uchun taklif qilamiz”, — dedi Dasayev.

Shuningdek, u bu yil shahar ma’muriyati Olmaotada yagona avtoturargoh konsepsiyasini taqdim etishini aytdi. U shaharning barcha sakkiz tumanini qamrab olishi kerak bo‘ladi. Avtoturargohlar yetishmasligi muammosini hal qilish uchun rasmiylar ko‘chalar bo‘yidagi to‘xtash joylarini qonuniylashtirmoqchi.

“Olmaotada yashovchilar ko‘chalar bo‘ylab doimiy kundalik to‘planish joylari borligini payqashlari mumkin. Ya’ni mashinalar qo‘yiladi, lekin bu to‘xtash joyi emas. Shahar ularni qonuniylashtirmoqchi. Tegishli zarur infratuzilmani ta’minlamoqchi”, — dedi Dasayev.

Pulli avtoturargohlardan tushadigan mablag‘lar tumanlar budjetlariga ulardagi infratuzilmani rivojlantirish uchun taqsimlanadi. Olmaota rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shaharda hammasi bo‘lib kuniga 800 mingtagacha avtomobil bo‘ladi.

Bundan tashqari, Olmaota hokimligi shaharda mexanik avtoturargoh yaratish rejasini ko‘rib chiqmoqda. “Bular kam joy bo‘lgan hovlilardagi to‘xtash joylari hisoblanadi, ular yangi texnologiyalar yordamida o‘rtacha 12 tadan 16 tagacha mashinani joylashtirish imkonini beradi. Bularning hisobiga biz yo‘llarni tozalaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Dasayev.