Samarqandda akvaparkdagi raqqosalar bilan suhbat o‘tkazilgani, ulardan OITS va OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olingani haqida xabar berilgandi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan ushbu holat yuzasidan ma’lumot berar ekan, raqqosalardan hech qanday tahlillar olinmaganini bildirdi.

Avvalroq Samarqand viloyati IIB xabarida voqea 16-iyun kuni Samarqand tumanidagi “Vavilon” cho‘milish havzasida sodir bo‘lgani, fuqaro D.Nasimov “ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidasini qo‘pol ravishda buzib, 2000 ga yaqin fuqaro ishtirokida tadbir uyushtirganini” ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng raqqosalar teri-tanosil kasalliklari ko‘rigidan o‘tkazilib, OITS va OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olinib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgani ham qo‘shimcha qilingan.

IIV raddiyasi

Holat vazirlik tomonidan o‘rganilganda ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish havzasining ochilishida chindan ham 2000 dan ziyod fuqaro uchun ommaviy ko‘ngilochar marosim tashkil etilgan va bunda Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari buzilgan.

Shundan so‘ng tadbir tashkilotchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida xavfsizlik choralari ko‘rilishi zaruriyati haqida qat’iy ogohlantirilgan.

“Xabarda aks etgan, tadbirda ishtirok etgan ayollarga nisbatan teri-tanosil kasalliklari ko‘rigidan o‘tkazilgani va OITS/OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olingani to‘g‘risidagi ma’lumot viloyat IIB matbuot kotibi Jahongir Sagdullayev tomonidan shoshma-shosharlik bilan, vaziyatni to‘liq o‘rganmagan holda tayyorlangani aniqlandi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, tadbir ishtirokchilarining, shu jumladan, ayollarning hech biri tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan va ularga nisbatan huquqiy ta’sir choralari qo‘llanmagan.

Hozirda vazirlik tomonidan viloyat IIB xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.