Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi, ushbu jarimaning miqdori esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Senatorlar, agar qarzdor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik summasi jarimaning eng kam miqdoridan ham kam bo‘lgan bo‘lsada, qarzdorlikka nisbatan yuqori miqdordagi jarima tayinlanishi ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga, bu esa qarzdorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligiga hamda mazkur holat tabiiy ravishda fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratdilar.

“150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish — bu adolatdan emas, albatta. Qolaversa, bunday amaliyot yangi konstitutsiyaviy qoidaga, ya’ni fuqaroga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir chorasi mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va yetarli bo‘lishi kerakligi qoidasiga mutlaqo zid. Yoki ma’muriy jarimalarni MIBning istalgan ijrochisi emas, balki faqat rahbar xodimlari qo‘llashi mumkinligiga oid norma ham e’tiborga molik deb hisoblaymiz”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, bu bartaraf etilmoqda.

Xususan, qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198−1 moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga endilikda O‘zbekiston Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi belgilanmoqda.

Ya’ni, 198−1 modda uchinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, ushbu moddaga asosan solinadigan ma’muriy jarimaning summasi ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan oshishi mumkin emas.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.