Qozog‘iston G‘arbning Rossiyaga qo‘ygan sanksiyalariga rioya qilish bo‘yicha barcha xalqaro qoidalarga amal qiladi. Bu haqda 20-iyun kuni Qasim-Jomart Toqayev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan Ostonadagi uchrashuvi yakunida ma’lum qildi.

“Rossiyaga ikki xil maqsadda ishlatiladigan tovarlar eksporti haqida gapirsak, bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, Tokayev Qozog‘iston Rossiya bilan savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlashini va “bu amaldagi xalqaro standartlarga to‘liq mos kelishini” ta’kidladi.

May oyida Financial Times 2022-yilda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Rossiya orqali tranzit paytida qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan eksport tovarlari “yo‘qolib qolgani” haqida yozgandi. Mahsulotlar Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga olib borilgan.

“Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, harbiy yoki razvedka xizmatlarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan va eksport nazorati ostidagi ushbu tovarlar Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropa Ittifoqidan faqat tranzitda bo‘lgani bahonasida olib kirilishi mumkin”, — deyiladi FT maqolasida.

Keyinchalik OCCRP (Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi) bir nechta nashrlar bilan birgalikda Rossiya G‘arb sanksiyalarini qanday chetlab o‘tayotganiga oid tekshiruvni e’lon qildi. Unda aytilishicha, Qozog‘iston Rossiyaga dron va mikrochiplar olib kirish uchun “oraliq manzil”ga aylangan. Bunga javoban Qozog‘iston vazirligi sanksiya qo‘yilgan tovarlarning Rossiyaga eksporti ustidan nazoratni kuchaytirishga va’da bergan.

Ma’lumki, YeI Rossiyaga savdo cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam berayotgan uchinchi mamlakatlar, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalariga qarshi yangi sanksiyalarni qabul qilishga tayyorlanmoqda.