O‘zbekiston maktablarida mavjud fanlar va darsdan tashqari jarayonlar doirasida maxsus ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlari (Social Emotional Learning, SEL) yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident qarorida so‘z borgan.

Buni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda amalga oshiradi. Darslardan maqsad o‘quvchilarda o‘zini o‘zi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib o‘tish ko‘nikmalarini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish hisoblanadi.

2023-yil 1-sentabrdan tibbiyot xodimlarini psixiatriya, sud psixiatriyasi, tibbiy psixologiya va narkologiya yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlari Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab psixiatriya, tibbiy psixologiya va narkologiya klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklariga qabul faqat davlat granti asosida umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi hamda qabul ko‘rsatkichlari ushbu mutaxassisliklarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojni o‘rganish asosida shakllantiriladi.

Qaror bilan, shuningdek, birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida 2023-yil yakuniga qadar JSSTning ruhiy holat buzilishlarida yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturi amaliyotga joriy qilinadi. Unga asosan:

  • ruhiy holat buzilishini tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inining o‘zida erta aniqlash va davolash choralari ko‘riladi;
  • birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalari shifokorlari va boshqa tibbiyot xodimlarining ruhiy holati buzilgan shaxslarni klinik baholash, davolash va kuzatib borish bo‘yicha ko‘nikmalari rivojlantiriladi va bilimlari oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda tashkil etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Ruhiy salomatlik markaziga aylantirilishi haqida xabar bergandik. Shuningdek, poliklinikalarda tibbiy psixolog, suitsidolog kabi shtatlar joriy etilishi ma’lum qilingandi.