Turkiya Respublikasi Markaziy banki (TRMB)ga yangi rahbar sifatida Hafize Gaye Erkanning tayinlanishi oyning eng e’tiborga molik voqealaridan biri bo‘ldi. 9-iyun kuni o‘zining yangi lavozimini rasman qabul qilib olgan Erkan Turkiya Markaziy banki boshqaruviga kelgan ilk ayol hisoblanadi. Qolaversa, u Turkiya regulyatorining so‘nggi to‘rt yillikdagi beshinchi rahbari hamdir. Mazkur tayinlov uni ayni paytda butun dunyo bo‘ylab markaziy bank rahbari sifatida faoliyat olib borayotgan 10 ga yaqin ayollar (Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard, Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina, serbiyalik Jorgovanka Tabakovich va boshqalar)dan biriga aylantirdi.

Hafize Gaye Erkan Turkiya Markaziy banki rahbari lavozimini Shahap Kavchio‘g‘lidan (o‘ng tomonda) qabul qilib oldi. Foto: Turkiya Markaziy banki.Hafize Gaye Erkan Turkiya Markaziy banki rahbari lavozimini Shahap Kavchio‘g‘lidan (o‘ng tomonda) qabul qilib oldi. Foto: Turkiya Markaziy banki.

Mamlakat prezidentligiga qayta saylangan Rejep Tayyip Erdog‘an Mehmet Shimshekni g‘aznachilik va moliya vaziri etib tayinlashi hamda Markaziy bank rahbarligini Hafize Gaye Erkanga ishonib topshirishi mamlakatda pul-kredit siyosatining an’anaviy yo‘nalishga qaytishi, moliyaviy vaziyatning barqarorlashuviga umid uyg‘otmoqda.

Erkan mazkur lavozimga Turkiya muammolar girdobida qolgan bir paytda kirishdi. Shunga ko‘ra, yangi markaziy bank rahbari sifatida u ko‘p yillik noan’anaviy pul-kredit siyosatidan so‘ng mahalliy va xorijiy investorlarning ishonchini tiklash, mamlakatda inflyatsiyani jilovlash orqali yashash xarajatlari inqirozini yumshatishdek murakkab vazifa oldida turibdi, deb yozmoqda Reuters.

Financial Times nashriga ko‘ra, Hafize Erkanning mehnat faoliyati bungacha asosan yirik moliya institutlari balansidagi risklarni tahlil qiluvchi murakkab modellarni yaratishdan iborat edi. Erkanning klassik matematik nazariyalarga asoslangan qarashlari 2019-yildan beri beshta markaziy bank rahbarini tayinlagan Erdog‘anning radikal iqtisodiy qarashlaridan keskin farq qiladi. “Axborotlar masalasida shubhaga o‘rin yo‘q. Har qanday pozitsiyani raqamlarning kuchi bilan mustahkamlash mumkin”, deydi Erkan o‘zining tarjimai holida.

43 yoshli Hafize Gaye Erkan bugungi kungacha AQSh korporativ dunyosida moliyaviy xizmatlar, bank ishi, investitsiyalar, risklarni boshqarish, texnologiya va raqamli innovatsiyalar bo‘yicha qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Shunga qaramay, Turkiyaning o‘zida Erkan haqida kam narsa ma’lum, qolaversa, u o‘z kar’erasida ilk marta davlat xizmatiga kirishganligi ham soha mutaxassislari hamda mamlakat jamoatchiligi e’tiborini tortdi.

Ta’limda ilg‘or, karerada muvaffaqiyatli

Hafize Erkan 1979-yilning aprel oyida Istanbulda ziyoli oilada tug‘ilgan. Otasi — muhandis, onasi — matematika va fizika fanlari muallimasi bo‘lgan Erkanda raqamlar bilan ishlash ko‘nikmalari bolalikdan shakllangan. Qolaversa, dasturiy ta’minot guruhiga egalik qiluvchi qo‘shnilaridan C++ dasturlash tilini o‘rgangan. “Men ularga turk qahvasini tayyorlashim evaziga ular menga C++ tilini va rekursiv funksiyalar zavqini o‘rgatishgan”, deb yozadi u tarjimai holida.

Erkan Turkiyadagi eng yaxshi davlat maktablaridan biri hisoblangan Istanbul o‘rta maktabini eng namunali o‘quvchilar safida tamomlagan. O‘rta maktab ta’limidan so‘ng dastlab Turkiyaning nufuzli universitetlaridan biri — Bo‘g‘azichi universitetida sanoat muhandisligi bo‘yicha tahsil oladi.

2006-yilda AQShning Prinston universitetida risklarni boshqarish bo‘yicha dissertatsiya yoqlab, amaliyot tadqiqotlari va moliya muhandisligi bo‘yicha doktorlik darajasini oldi. Keyinchalik — 2015 va 2016-yillarda Erkan Garvard biznes maktabi va Stenford Oliy biznes maktabining biznes dasturlarini ham bitirdi.

Hafize Erkan o‘z mehnat faoliyatini 2005-yilda Goldman Sachs global investitsiya bankida boshlagan. Bu yerda u 10 yilga yaqin faoliyat yuritgan, yirik moliyaviy guruhlarga o‘z budjetlarini stress testidan o‘tkazish bo‘yicha maslahatlar bergan, 2011-yilga kelib esa boshqaruvchi direktor darajasigacha ko‘tarilgan.

Financial Times’ning yozishicha, Goldman Sachs bankida u AQShning First Republic banki asoschisi Jim Gerbert bilan uchrashadi. 2014-yilda Gerbert uni kaliforniyalik kreditorning investitsiya portfeli va uning risklarni boshqarish funksiyasining asosiy qismini boshqarish uchun yollaydi. Erkan First Republic bankida mansab pillapoyalaridan juda tez ko‘tariladi va 2016-yilda depozitlar bo‘yicha bosh direktor lavozimini ham o‘z zimmasiga oladi.

Hafize Gaye Erkan First Republic banki asoschisi Jim Gerbert bilan. Foto: Todd Johnson / San Francisco Business TimesHafize Gaye Erkan First Republic banki asoschisi Jim Gerbert bilan. Foto: Todd Johnson / San Francisco Business Times

2021-yilning yozida Erkan bankning hamraisi etib tayinlandi va o‘sha paytda AQShning eng yirik mintaqaviy kreditorlaridan biri hisoblangan Jim Gerbertning o‘rniga asosiy nomzod sifatida ko‘rildi. Biroq uning mazkur lavozimdagi faoliyati qisqa va og‘ir kechdi: Erkan Financial Times nashri tomonidan “toksik” deb topilgan bir qator yuqori lavozimli rahbarlar bilan o‘zaro aloqalarda ishtirok etgan edi.

2021-yilning dekabrida Gerbert yurak xastaligi sabab tibbiy ta’tilga chiqishga majbur bo‘ldi. Erkan shundan bir oy o‘tib — 2021-yil oxirida kompaniyani tark etdi. Bu esa bank aksiyalarining qulashiga sabab bo‘ldi, deb yozadi Business Insider. Shundan buyon First Republic Bank AQShdagi 2008-yildan keyingi davrda kuzatilgan eng yirik bank inqirozining markazida bo‘lib kelmoqda. U foiz stavkasining ko‘tarilishi natijasida omonatchilar tomonidan katta bosimga duch keldi, natijada bank 2023-yilning may oyi boshida JP Morgan’ga sotildi.

First Republic bankini tark etgach, Erkan bir yil o‘tib, Nyu-Yorkdagi Greystone tijoriy ko‘chmas mulk firmasining hamraisi sifatida qisqa muddat faoliyat olib bordi — 2022-yil iyun oyida lavozimga tayinlandi va o‘sha yilning dekabrida ishdan ketdi.

Foto: AA PhotoFoto: AA Photo

2018-yilda Hafize Erkan Crain New York Business hamda San Francisco Business Times tomonidan 40 yoshgacha bo‘lgan eng samarali 40 shaxs ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, u AQShning 100 ta eng yirik banklaridan birida prezident yoki bosh direktor unvoniga sazovor bo‘lgan 40 yoshgacha bo‘lgan yagona ayol sifatida e’tirof etilgan edi. 2019-yilda esa American Banker tomonidan bank sohasidagi “eng kuchli ayollardan biri” deb topilgan. Reuters nashriga ko‘ra, moliyaviy sohada nufuzli shaxs sifatida ko‘riluvchi Erkan, shuningdek, Marsh MacLennan boshqaruv kengashidan joy olgan.

Erkan Qizlar maktablari milliy koalitsiyasining qo‘llab-quvvatlaydi. Yaqinda u koalitsiya bilan hamkorlikda yosh ayollar va qizlar uchun First Repblic bankining Hafize Gaye Erkan nomidagi stipendiya dasturiga asos solgandi.

Foto: LinkedInFoto: LinkedIn

Davlat xizmatiga kirib kelishi

Markaziy bank rahbarligi Erkanning davlat sektoridagi ilk ishi. Qolaversa, butun professional hayotini Turkiyadan tashqarida o‘tkazgan Erkanning markaziy bank ishida rasmiy tajribasi yo‘q, shu sababdan uning pul-kredit siyosatiga qay darajada moyilligi hali noaniq, deb yozmoqda Reuters. Shunga qaramay, sobiq hamkasblari uning davlat sektoridagi yangi rolidan ajablanishmadi.

Xususan, Erkanning sobiq hamkasbi, Nyu-York Siti uchun hamkorlik tashkiloti prezidenti va bosh direktori Ketrin Uayldning qayd etishicha, Erkan “qat'iyatli, aqlli va samarali” mutaxassis sifatida ko‘rilgan. “Erkan, shuningdek, davlat siyosati va jamiyat farovonligiga chuqur qiziqish bildirardi. Shunday ekan, uning davlat xizmatiga kirishishi ajablanarli emas”, deydi Uayld.

Business Insider nashriga ko‘ra, Turkiyaning ko‘p yillik davlat rahbari Erdog‘an qo‘li ostida mamlakatning moliyaviy va iqtisodiy siyosatini yuritish Erkan uchun eng og‘ir vazifa bo‘ladi.

Rejep Tayyip Erdog‘an ko‘p yillar davomida noan’anaviy iqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlab keldi va bu investorlarning Turkiya budjeti ahvoliga doir xavotirlarini kuchaytirdi. Turkiya prezidenti foiz stavkalarini “barcha yovuzliklarning onasi va otasi” deb ataydi va yuqori kredit xarajatlari yuqori inflyatsiyani bartaraf etmasligi, balki unga sabab bo‘lishini ta’kidlab keladi. Markaziy bankning avvalgi rahbari Shahap Kavjio‘g‘li ikki yil ichida stavkalarni 19 foizdan 8,5 foizga tushirdi. Bu, o‘z navbatida, chuqur inflyatsiya inqirozini keltirib chiqardi va lirani kuchli bosim ostida qoldirdi. Markaziy bank, shuningdek, bu yil lira kursini barqarorlashtirishga urinishlari ortidan 25 mlrd dollarga yaqin xorijiy valyuta zaxiralarini sarflab yubordi.

Turkiyada chuqur inflyatsiya inqirozi. Foto: TradingeconomicsTurkiyada chuqur inflyatsiya inqirozi. Foto: Tradingeconomics

Turk lirasi Erdo‘g‘on qayta saylanganidan beri pasayishda davom etmoqda. May oyida mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi 39,59 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning oktabr oyida mazkur ko‘rsatkich 85,51 foizga ko‘tarilgan edi.

Shunday qilib, Turkiya markaziy banki Erdog‘anning bank rahbarlarini ketma-ket lavozimidan ozod qilishi va inflyatsiya o‘sib borayotgan sharoitda ham regulyatorni foiz stavkalarini pasaytirishga majbur qilishidan ko‘p zarar ko‘rdi. Shunga qaramay, prezidentlikka qayta saylanganidan so‘ng Mehmet Shimshekni moliya vaziri etib tayinlagani iqtisodiy siyosatning barqarorlashuviga, xususan, Markaziy bank mustaqilligi qayta tiklanishiga umid uyg‘otmoqda.

Mehmet Shimshek. Foto: DHAMehmet Shimshek. Foto: DHA

Financial Times’ning yozishicha, Goldman Sachs Shimshekning tayinlanishi “pul-kredit siyosatining an’anaviyroq yo‘nalishga o‘tish ehtimolini oshiradi”, deya taxmin qilgan. Darhaqiqat, Mehmet Shimshek mamlakatda “oqilona” siyosatni tiklashga va’da berdi. Iqtisodchilar va investorlarning fikricha, buning uchun 22-iyunda, ehtimol undan avvalroq, bo‘lib o‘tishi kutilayotgan markaziy bank yig‘ilishida foiz stavkalarining keskin oshirilishi talab qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvchisi lavozimi, shubhasiz, Erkanning diplomatik mahoratini ham sinovdan o‘tkazadi. Turk, ingliz va nemis tilida so‘zlashuvchi Erkanning zimmasida Turkiya siyosatini nisbatan barqaror yo‘nalishga solish, xorijiy investorlar ishonchini qayta qozonish, shu bilan bir paytda, an’anaviy iqtisodiy siyosatga nisbatan toqatsiz bo‘lgan amaldagi davlat rahbarini rozi qilish vazifasi turibdi.

“Mening nazarimda, Erkanning vazifasi ham qiyin, ham oson”, deydi Markaziy bankning sobiq bosh iqtisodchisi Hakan Kara. “Qiyinligi shundaki, u yuqori inflyatsiyani meros qilib oldi va vaziyatni yumshatish uchun samarasiz qoidalar to‘plamiga ega. Osonligi shundaki, o‘zidan oldingi rahbarga nisbatan ishonch noodatiy darajada past bo‘lganligi hisobga olinsa, u hatto Markaziy bank boshqaruvining eng elementar tamoyillariga asoslangan holda ham bozor kayfiyatini juda tez yaxshilashga erishishi mumkin”.

Teneo konsalting kompaniyasi vakili Volfango Pikkolining so‘zlariga ko‘ra, Erkan “ko‘p yillik noto‘g‘ri boshqaruv, tozalashlar va ishdan olishlardan keyin [Markaziy bankni] qayta qurishiga to‘g‘ri keladi”. “Boshqa asosiy institutlar singari, [bank] o‘z mustaqilligini yo‘qotdi va Erdog‘anning hokimiyatni markazlashtirishga bo‘lgan intilishi ortidan tanazzulga yuz tutdi”.

Istanbuldagi Koch universitetining iqtisod professori Selva Demiralp CNBC’ga bergan intervyusida Erkanning Prinstonda tahsil olganligi va “AQSh bank sektorida orttirgan yuqori darajadagi tajribasini” hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvida an’anaviy siyosatga qaytilishiga ishonch bildirgan. Demiralpning qayd etishicha, bu Markaziy bankning qay darajada mustaqil bo‘la olishiga bog‘liq bo‘lib, yaqin ikki kunlarda kutilayotgan foiz stavkasi bo‘yicha bank qarori barchasiga oydinlik kiritishi mumkin.

Demiralp Markaziy bankning mazkur yig‘ilishida foiz stavkasining oshirilishini kutmoqda: “Stavkaning taxminan 25 foiz yoki undan yuqori darajada oshirish — boshlanishiga yaxshi qadam bo‘lishi mumkin”, deydi u.

BlueBay Asset Management kompaniyasining rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha yuqori darajali suveren strategi Timoti Eshning ta’kidlashicha, Erkanning markaziy bank rahbari etib tayinlanishidan “bozorlar ikki karra mamnun bo‘ladi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, Erkan va Shimshek “birinchi raqamli jamoa” bo‘ladi.