O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni Eronga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining qayd etishicha, muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirishga muhim ahamiyat qaratishlari ta’kidlandi.

Prezidentlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport va logistika sohasida hamkorlikni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Markaziy Osiyoni Eron bilan bog‘lovchi eng qisqa transport-logistika yo‘laklaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika va tibbiyot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, sanoat qurilish materiallari, mashinasozlik, uskunasozlik va elektrotexnika tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish choralari ko‘rib chiqildi. Agrar yo‘nalishda issiqxonalar tashkil etish, qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bog‘dorchilik va baliqchilikda, qurg‘oqchilikka chidamli ekin turlarini seleksiya qilishda tajriba almashish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

иброҳим раисий, эрон

Xalqaro terrorizm, narkotrafik, kiberterrorchilik, odam savdosi kabi global xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi. Davlat rahbarlari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etgan muzokaralarda innovatsiyalar, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar, kibernetika, texnologiyalar transferi kabi sohalarda tajriba almashish muhimligi qayd etildi.

Hududlararo hamkorlik rivojlanayotgani, jumladan, Buxoro viloyati va Hamadon ustoni, Samarqand va Isfaxon shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilayotgani qo‘llab-quvvatlandi.

Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlarning ko‘payishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fondlarida saqlanayotgan qadimgi qo‘lyozmalarni chuqur o‘rganish uchun qo‘shma ilmiy guruh tuzishga kelishib olindi.

Prezidentlar O‘zbekiston va Erondan 200 nafardan ziyod tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan biznes-forum natijalarini olqishladilar.

иброҳим раисий, эрон

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bundan tashqari, tashrif doirasida hukumatlar, idoralar va hududlar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi. Hukumatlar o‘rtasidagi imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Eron Milliy standart tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik dasturi, Texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasi shular jumlasidan.

Qo‘shma erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish, farmatsevtika, transport va tranzit sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar qabul qilindi.

Shuningdek, Sport sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi, Nizolarni hal etish va arbitraj to‘g‘risida anglashuv memorandumi, Qayta sug‘urtalash sohasida hamkorlik bo‘yicha fakultativ bitim va boshqa hujjatlar ham imzolandi.