“O‘zavtosanoat” kompaniyasi boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi etib saylandi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Shanba kuni MOQda bo‘lib o‘tgan federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida federatsiya bosh homiysi hisoblangan kompaniya rahbari nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.

Ulug‘bek Rozuqulov o‘z nutqida hududlarga e’tibor qaratish, ixtisoslashtirilgan gimnastika inshootlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, istiqbolli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish muhimligini ta’kidladi.

Bungacha federatsiyani “O‘zavtosanoat”ning avvalgi rahbari Shavkat Umurzoqov boshqargan. Mart oyida u Toshkent shahri hokimi v.b. etib tayinlangan. Keyinroq Ulug‘bek Rozuqulov “O‘zavtosanoat” rahbari sifatida e’lon qilingandi.