Iyun oyi boshidagi global o‘rtacha harorat ushbu davr uchun rekord darajada yuqori bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkichlar avvalgi rekordlarni “sezilarli farq” bilan ortda qoldirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Copernicus xizmati xabar bermoqda.

“Dunyo butun kuzatuvlar davridagi rekord darajadagi issiq bilan boshlangan iyun oyini boshdan kechirdi”, — dedi Copernicus direktori Samanta Burgess.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyining birinchi haftasida global havo harorati ilk marotaba sanoat davrigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan 1,5 daraja Selsiyga — 2015-yilgi Parij kelishuvida qayd etilgan “global isish chegarasi”gacha ko‘tarildi.

Rekord sayyoraning qizishiga xizmat qiladigan El-Nino deb nomlangan tabiat hodisasi bilan bog‘liq. Copernicus xizmatining ogohlantirishicha, El-Nino rivojlanishda davom etar ekan, kelgusi yilda yanada ekstremal hodisalar kutilishi kerak.

“Global o‘rtacha harorat ko‘tarilishda davom etib, Selsiy bo‘yicha 1,5 darajadan oshib ketar ekan, buning umumiy ta’siri tobora kuchayib boradi va uni diqqat bilan kuzatib borish kerak”, — deya ma’lum qildi xizmat.

May oyida Butunjahon meteorologiya tashkiloti rekord darajadagi harorat haqida ogohlantirgan edi. Meteorologlarning fikriga ko‘ra, 98 foizlik ehtimol bilan keyingi besh yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ladi.

Avvalroq O‘zgidromet iyun oyining birinchi yarmi O‘zbekistonda barcha yillar davomida kuzatilgan eng issiq bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Cho‘l zonasida havo harorati +46 darajaga yetdi.

El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko‘tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy fenomen. Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo‘ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik zonalarda yog‘ingarchilik va atmosfera aylanishining normal sxemasi buzilib, butun dunyo bo‘ylab ekstremal iqlim sharoitlarini keltirib chiqaradi