Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 29-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijiy mamlakatlardan olib kiriladigan karantin ostidagi mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga kiritish uchun O‘simliklar karantini chegara punktlarida tadbirkordan eksport qiluvchi davlatning fitosanitariya sertifikati asl nusxasini ko‘rsatish talab etiladi. Ushbu hujjat taqdim etilmagan taqdirda, mahsulotlar davlat chegarasida turib qolishi, ortiqcha xarajatlarning ko‘payishi importyor-tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

“Yuqoridagi holatlar fitosanitariya mahsulotlarini olib kirish talablarini yanada soddalashtirish hamda milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirishni taqozo etmoqda. Ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda fitosanitariya sertifikati taqdim etilmaydigan mahsulotlarni mamlakatimizga olib kirishdagi to‘siqlarni olib tashlash maqsadida amaldagi tartib va talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qonun loyihasi bilan xorijiy mamlakatlarda fitosanitariya sertifikati talab etilmaydigan hamda fitosanitar xavfi past bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotlarni xorijiy mamlakatlardan olib kirishda fitosanitariya sertifikatini talab etish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.