Qozog‘istonning Abay viloyatidagi o‘rmon yong‘ini lokalizatsiya qilindi, deb xabar bermoqda Tengrinews mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib.

Yong‘in boshlanganidan deyarli bir hafta o‘tib, 14-iyun kuni kechqurun qurshab olingan.

Bu Qozog‘iston tarixidagi eng yirik yong‘inlardan biriga aylandi — uning maydoni, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 60 ming gektarni tashkil etdi. Uni o‘chirishga 1500 ga yaqin odam jalb qilingan. Bir qancha aholi punktlaridan odamlar evakuatsiya qilindi. Yong‘inning tez tarqalishiga sabablardan biri sifatida vaziyatni noto‘g‘ri baholash va rasmiylarning sust munosabatda bo‘lishi ko‘rsatildi.

Yong‘in oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, ulardan 14 nafari o‘rmon xo‘jaligi xodimlaridir. Mamlakatda 12-iyunda milliy motam e’lon qilingan.

Voqealar fonida Qozog‘iston favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimini tark etdi. Bosh prokuratura 2 ta jinoiy ish qo‘zg‘atib, e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishga va’da berdi.