O‘zbekistonda yoshlar 2021-yil 1-maydan buyon 16 655 nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplab berildi va bu qariyb 28,8 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev ma’lum qildi.

Yoshlar jami 18 turdagi xalqaro imtihon tizimlaridan 15 turdagisi uchun kompensatsiya so‘rab ariza qoldirgan. Tartibga ko‘ra, agar 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar IELTS`da 7 balldan yuqori to‘plasa, ularning imtihon uchun qilgan to‘lovlari to‘liq qaytarib beriladi (bunday kompensatsiya talabgorlarga faqat bir marta to‘lanadi).

kompensatsiya

Alisher Sadullayevning ma’lum qilishicha, hududlar bo‘yicha eng kompensatsiya Toshkent shahridagi yoshlarga (6 829 nafar) to‘lab berilgan. Poytaxtdan keyingi o‘rinlarni Buxoro (1 432), Farg‘ona (1 276), Namangan (1 119) va Samarqand (961) viloyatlari egallagan.

Mazkur tizimda kompensatsiya olgan qizlar soni yigitlar sonidan ko‘p. Ayol-qizlar 9 053 nafarni, yigitlar esa 7 602 nafarni tashkil etmoqda.

Imtihon topshiruvchilar ushbu 18 ta xalqaro imtihon tizimida yuqori natijaga erishgan bo‘lsagina, ularning imtihon topshirish uchun to‘lagan puli qaytarib beriladi. Yoshlar imtihon xarajatlarini “Xazna” ilovasi orqali kompensatsiya qilib qaytarib olishlari mumkin.