Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, 1 maydan boshlab IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va SAT imtihonlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. 2022 yil 1 yanvardan boshlab yana o‘n ikkita xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha ham xarajatlarni qoplash amalga oshiriladi.

Bunda, har bir imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun minimal ko‘rsatkich belgilanadi. Misol uchun: IELTS — 7 ball, TOEFL — 95, GMAT — imtihon natijalarining har biri bo‘yicha 75%, GRE — imtihon natijalarining har biri bo‘yicha va SAT — 1200 ball. Barcha imtihonlar bo‘yicha minimal ko‘rsatkichlarni quyida ko‘rish mumkin.

Imtihonlar xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘liq qoplab beriladi.

Imtihon topshirgan shaxs xarajatlarni qoplash bo‘yicha arizani Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda topshirishi mumkin. Ariza beruvchi quyidagi hujjatlarni elektron tarzda ilova qiladi:

  • imtihon topshirish xarajati to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi (pdf formatda);
  • maxsus sertifikat (pdf formatda).

Ariza beruvchidan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi. Taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning xaqqoniyligiga ariza beruvchi mas’ul hisoblanadi.

Quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda ariza beruvchiga kompensatsiya to‘lab beriladi:

  1. Imtihonda to‘planishi lozim bo‘lgan yuqori ballning (daraja) minimal ko‘rsatkichi yoki undan yuqori natija qayd etganda.
  2. Maxsus sertifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun o‘tmasdan kompensatsiya to‘lashni so‘rab murojaat qilganda.
  3. Maxsus sertifikatda ko‘rsatilgan imtihon natijasining haqiqiyligi va to‘g‘riligi Inspeksiya tomonidan tasdiqlanganda.

Ariza beruvchining murojaati kelib tushgan paytdan boshlab 15 kalendar kun davomida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maxsus sertifikatni verifikatsiyadan o‘tkazishi kerak.

Maxsus sertifikatning haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlashning iloji bo‘lmaganda inspeksiya imtihon tashkil etishga mas’ul tashkilotga so‘rov yuboradi. Bunda maxsus sertifikatning haqiqiyligini tasdiqlatish muddati 30 kalendar kunga uzaytiriladi. Agar verifikatsiya jarayoni kechikayotgan bo‘lsa, inspeksiya bu haqda SMS yuborish orqali ariza beruvchini xabardor qiladi.

Yoshlar ishlari agentligi sertifikati verifikatsiya qilingan ariza beruvchilarning kompensatsiya mablag‘larini «Xalq bankining» hisobvarag‘iga o‘tkazadi va xizmat natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga SMS xabar yuboradi.

Ariza beruvchi kompensatsiyani olish uchun o‘zi uchun qulay hududdagi Xalq banki filialiga murojaat qilishi mumkin.

Imtihon topshirish xarajati kompensatsiyasini olgan ariza beruvchi aynan ushbu imtihon bo‘yicha takroran imtihon topshirganda, uning xarajati qoplanmaydi. Imtihonlarning boshqa turi bo‘yicha ham minimal ko‘rsatkich va undan yuqori natija qayd etgan shaxsga kompensatsiya to‘lab beriladi.

O‘n olti yoshga to‘lmagan fuqarolarning imtihon topshirish xarajatini kompensatsiya qilishni so‘rab ushbu fuqarolarning qonuniy vakillari murojaat qilishlari mumkin.

Vazirlar mahkamasining qarori loyihasi 11 martga qadar davom etadi.

Imtihon xarajati kompensatsiya qilinadigan xalqaro imtihon tizimlari ro‘yxati