Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida mansabdorlar arxeologik obyektga 93 million so‘mlik zarar yetkazgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ul shaxslari “Darxon” mahallasidagi VI-XII asrlarga oid “Chillamazortepa” arxeologiya obyektining 3,75 metr kub hajmdagi qismini noqonuniy ravishda kovlab, transformator punktini o‘rnatgan. Buning oqibatida madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olinib, davlat muhofazasida bo‘lgan obyektiga 93 million so‘mlik zarar yetgan.

Aniqlangan holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani elektr ta’minoti mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvlaroq mazkur tumanda ikki kishi Kunjutlitepa arxeologiya yodgorligida tepalik tuprog‘ini surib tashlashi oqibatida obyekt qayta tiklanmaydigan darajaga kelib qolgani xabar qilingandi. Bu harakatlari uchun fuqarolar 47,5 mlrd so‘m jarimaga tortilgan, shuningdek, ulardan birining 3,5 yilga ozodligi cheklangan.