Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan pul birligining denominatsiya qilinishi, ya’ni 1:10 000 nisbatda yangi pul belgilariga almashtirilishi hamda eski va yangi pul belgilari 2025-yilgacha parallel ravishda muomalada bo‘lishi to‘g‘risidagi xabarlar asossizligini ma’lum qildi.

“Ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas, bugungi kunda pul birligini denominatsiya qilish masalasi hukumat va Markaziy bank tomonidan ko‘zda tutilmagan”, — deyiladi regulyator xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2019-yilning avgustida ham denominatsiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilmayotganini qayd etgandi.

“Denominatsiya oddiy narsa emas, bu shunchaki uchta nolni olib tashlash emas. Bu katta iqtisodiy tayyorgarlik, iqtisodiy xarajatlarni talab qiladi. Biz uchun buni amalga oshirishga hech qanday ehtiyoj yo‘q”, — degan edi o‘shanda Mamarizo Nurmuratov.

Markaziy bank rahbari qaysidir davlat denominatsiya o‘tkazmoqchi bo‘lsa, u avvaliga iqtisodiy barqarorlikka erishib olishi zarurligini ham qo‘shimcha qilgandi.

“Biz avvaliga iqtisodiyotga bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Bu g‘oyani [denominatsiya haqidagi] unutishingiz mumkin. Markaziy bank raisi sifatida hammaga yetkazishni xohlar edimki, hech kim denominatsiya qilish haqida hatto o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q”, — degandi Mamarizo Nurmuratov.