9-iyun kuni YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasini ochdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Ursula Gachek boshchiligidagi missiya Toshkentda joylashgan asosiy jamoaning 11 nafar ekspertidan iborat. Yana 24 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi butun mamlakat bo‘ylab joylashtiriladi va 14-iyun kuni ish boshlaydi.

Bundan tashqari, DIIHB YeXHTga a’zo davlatlardan saylovga bir necha kun qolganda yetib keladigan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchini yuborishni so‘rashni rejalashtirmoqda.

Missiya saylovlarni YeXHT majburiyatlari va demokratik saylovlar uchun boshqa xalqaro majburiyatlar va standartlarga, shuningdek, milliy qonunchilikka muvofiqligini baholaydi. Kuzatuvchilar DIIHBning saylovlar bo‘yicha oldingi tavsiyalarining bajarilishini ham baholaydi.

Missiyaning dastlabki xulosalari saylovning ertasi kuni jamoatchilikka taqdim etiladi. Yakuniy hisobot saylovdan bir necha oy o‘tgach e’lon qilinadi.

O‘zbekistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazilishi Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilinganidan keyin e’lon qilingandi.