2022-yilda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ikkinchi sud jarayonida hukm qilingan shaxslarning apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqishning yakuni yuzasidan sud qarori 12-iyun kuni e’lon qilinadi. Bu haqda Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq qamoq jazosiga hukm qilingan 28 nafar shaxs apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi 17-mart kuni 39 nafar shaxsga nisbatan sud hukmini o‘qib eshittirgandi. O‘shanda ularning 28 nafariga 5 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi tayinlangan. 11 nafar ayblanuvchi esa shartli ravishda sud zalidan ozod qilingan.

18-may kuni Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya shikoyatlari bo‘yicha ochiq sud jarayonini boshlagan.

5-iyun kuni 16 nafar mahkum nomidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish yakunlangan. Unga ko‘ra, 8 nafar ayblanuvchining jazosi ozodlikni cheklash bilan almashtirilgan, 6 nafar sudlanuvchining muddati qisqartirilgan, Dauletmurat Tajimuratovning muddati o‘zgarishsiz qolgan. Sud prokuraturaning 4 kishiga nisbatan protestini rad etgan. Yanvar oyidagi hukm e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay hibsda vafot etgan Polat Shamshetovga nisbatan sud uning huquqlarini tiklash va mulkini merosxo‘rlariga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan.