Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi bog‘chada bolalarning tanasiga ular uxlamagani uchun igna tiqilgani aniqlangandi. Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, aybdorlarga nisbatan sud hukmi o‘qilgan.

8-iyun jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudining cayyor majlisida S.E. (1989-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 122-DMTT tarbiyachisi) va M.R. (2003-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi Pedagogika kollejining 3-bosqich o‘quvchisi)ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.

Sudning 2023-yil 8-iyundagi qarori bilan ko‘ra ikki nafar huquqbuzar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ularning har biriga BHMning 4 baravari (1 320 000 so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berishi va protest keltirishga haqli ekani eslatib o‘tilgan.

Sud tomonidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘iga sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan mehnat munosabatlaridan kelib chiqib, rasmiy munosabat bildirish va tegishli chora-tadbirlar belgilash hamda huquqbuzarlik sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 313-moddasi tartibida taqdimnoma ham chiqarilgan.

Shuningdek, Yangihayot tumanidagi 122-DMTT mutasaddilariga ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, tarbiyalanuvchilarni qabul qilinganlik holati va ular uchun to‘lovlar amalga oshirilganini tekshirib, qonuniy baho berish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 278-moddasi tartibida Yangihayot tuman prokuroriga xabarnoma yuborilgan.