8-iyun kuni soat 12:30 atrofida Toshkentning Uchtepa tumanidagi Guliston ko‘chasida Lacetti va 94-yo‘nalishda harakatlanayotgan Yutong elektrobusi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, elektrobus o‘z yo‘lagida harakatlanib ketayotgan vaqtda yo‘l chetida turgan mast holatdagi Lacetti (davlat raqami 01 V 416 VB) haydovchisi to‘satdan yo‘lning qatnov qismiga chiqib, elektrobus bilan YTH sodir etgan.

Avariya natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.

Bu bir hafta ichida elektrobuslar ishtirokidagi uchinchi YTH hisoblanadi. 5-iyun kuni svetoforning taqiqlangan chirog‘ida chiqib kelgan Lacetti haydovchisi Malibu va 81-yo‘nalishda harakatlanuvchi elektrobus bilan to‘qnashuv sodir etgan edi. Avariya sababchisi shifoxonaga yotqizilgan. 6-iyun kuni 89-yo‘nalishdagi elektrobus qizil chiroqda harakatlangan Cobalt bilan to‘qnashgan, oqibatda yengil avtomobil haydovchisi hayotdan ko‘z yumgan edi.