275 yil avval Amerikaga ko‘chib borgan olmonlarning avlodi hisoblangan Dovud Hunzikr (David Hunsicker) 35 yildan beri musulmon, bundan 20 yillar avval esa o‘zbek tilini o‘rgangan, ma’lum muddat AQShda o‘zbek tilidan dars ham bergan. Ayni vaqtda USAID (Vashington) tashkilotida nizolarni hal qilish va tinchlikni mustahkamlash (peacebuilding) bo‘yicha katta maslahatchi hisoblanadi.

Dovud Hunzikr yaqinda Toshkentga kelganida “Gazeta.uz” fursatdan foydalanib undan intervyu oldi. U suhbat davomida o‘zbek tiliga qanday qilib qiziqib qolgani va amerikaliklar bu tilni nega o‘rganishlari, qanday qilib musulmon bo‘lgani, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar so‘nggi 24 yil ichida qanchalik o‘zgargani, hozirgi faoliyati — peacebuilding nima ekani va O‘zbekistonda bu soha mutaxassislariga qanchalik ehtiyoj borligi haqida so‘zlab berdi.

O‘zbek tilini o‘rganishi haqida

Men nega o‘zbek tilini o‘rganganman? Bu juda tabiiy savol. O‘zbek tilini o‘rganuvchi chet elliklar kam va buning ma’lum sabablari bor. Eng asosiysi, G‘arb davlatlarida O‘zbekiston haqida to‘la tasavvur yo‘q. Bu hol asta-sekin o‘zgaryapti, O‘zbekiston jahon miqyosiga chiqqanidan keyin, albatta, yaxshi taassurotlar qoldiryapti, sayyohlar kelyapti.

Litseyda o‘qib yurgan vaqtlarim o‘quvchilar almashinuv dasturiga murojaat qilganman. Kelib chiqishim nemis, ota-bobolarim 275 yil oldin Amerikaga ko‘chib kelgan. Shu bois Germaniyaga borib, nemis tilini yaxshiroq o‘rganish istagida edim. Lekin 1986-yili o‘quvchilar almashinuv dasturi bo‘yicha meni Germaniyaga emas, Turkiyaga jo‘natishdi. Boshida biroz hayron bo‘ldim — chunki men Germaniyaga borib, ota tilimni o‘rganmoqchi edim. Lekin, keyin o‘ylab qarasam, Turkiyaga borish bir amerikalik uchun boshqacha bir tajriba bo‘larkan, imkoniyatlar ham kengroq ko‘rindi.

Turkiyada litseyida o‘qib, turk tilini o‘rgandim. Litseyni tamomlagach, AQShda universitetga kirib, islomshunoslik bo‘yicha o‘qidim. Ayni vaqtda turk tilini o‘rganishni ham davom ettirdim. Universitetdagi tahsilning oxirgi yili Izmirdagi Ege universitetidan bir professor mehmon bo‘lib keldi. U Kavkaz va O‘rta Osiyodagi turkiy tillar bo‘yicha mutaxassis edi. U kishi bilan uchrashib, uning ixtisosligi bilan tanishib, O‘rta Osiyo va Kavkaz davlatlariga qiziqa boshladim. Boshida men unga ingliz tilidan dars berishga harakat qildim, u esa menga ozarbayjonchani o‘rgatardi. Oxiri shunday bo‘ldiki, darslar bir chetda qolib, biz u bilan uning O‘rta Osiyo mamlakatlariga qilgan safarlari haqida suhbatlashadigan bo‘ldik.

Shu tariqa men ham bu mavzuga qiziqib qoldim. O‘shanda 1993-yil edi. Magistraturada o‘zbek tili bo‘yicha o‘qishga qaror qildim. Chunki islom dunyosidagi eng yirik adabiy tillar hisoblangan usmonli turkchasi, forscha, arabcha bo‘yicha ilmiy ishlar ko‘p, ammo chig‘atoycha — eski o‘zbek tili bo‘yicha Amerikada ilmiy ishlar juda kam edi. Shuning uchun bu yo‘nalishda imkoniyat ko‘p, yangi ilmiy yo‘nalish bo‘ladi, deb o‘zbekchani o‘rganishga qaror qilgandim. O‘zbek tilini o‘rganishni boshlashimning qisqacha tarixi shu.

Magistratura doirasida O‘zbekistonda ilmiy ish olib borish uchun ikki grant dasturiga murojaat qildim. Ikkala grantni ham yutdim, bu esa menga ikki yil O‘zbekistonda yashash imkonini berdi. Keyin yana bir grant oldim, muddatini ozgina uzaytirdim. Bu orada bo‘lajak turmush o‘rtog‘im (o‘zbekistonlik) bilan tanishdim, o‘sha vaqtda O‘zbekistonda qolishga qaror qilgandik. Shunday qilib, bir necha yil O‘zbekistonda yashadim: elchixonada, USAID tashkilotida ishladim. Hamma yaxshi narsaning nihoyasi ham bo‘ladi deganlaridek, ma’lum vaqtdan so‘ng Amerikaga qaytishga to‘g‘ri keldi.

O‘shanda o‘zbek tilini tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman. O‘zbek tili — juda boy til. O‘zbek xalqi juda ham bag‘rikeng, mehmondo‘st. Mana shu mehmondo‘stlikdan bahramand bo‘lish, boy tarix, madaniyatni o‘rganish imkoniyati borligi men uchun juda katta yutuq.

O‘zbek tilini o‘rganuvchi amerikaliklar haqida

Tan olish kerak, o‘zbek tilini o‘rganuvchilar boshqa tillarni o‘rganuvchilarga nisbatan kamroq. Masalan, ispan tilini millionlab kishilar o‘rgansa, o‘zbek tili haqida bunday deb bo‘lmaydi. O‘zbek tilini o‘rganuvchilar ham shunchaki til o‘rganish maqsadida emas, balki ma’lum sabab va maqsadlardan kelib chiqib o‘rganadi. O‘zbek tilini asosan siyosatchilar, tarixchilar, shu kabi mutaxassislar o‘rganishga harakat qiladi, chunki bu bevosita ularning ilmiy ishlari bilan bog‘liq bo‘ladi.

Mendan til o‘rganganlar (shogirdlar)im orasida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini tarjima qilgan Mark Riz bor.

Musulmon bo‘lishi haqida

35 yildan beri musulmonman. Buning uzun tarixi bor, imkon qadar qisqa qilib aytishga harakat qilaman.

Maktabda o‘qib yurgan vaqtim dinlarga juda ham qiziqqanman va har xil dinlar haqida ko‘p o‘qirdim. Buddizm, hinduizm, yahudiylik to‘g‘risida o‘qidim. O‘zim xristian oilasida katta bo‘lganman, cherkovga borib turardik, u yerdagi diniy darslarda ham ishtirok etardim. Ko‘p narsalarni o‘rganardimu — hammada ham shunday bo‘lsa kerak — biror narsani o‘rganganingiz sari, boshqa savollar ham tug‘ilaveradi, menda ham shunday bo‘ldi.

Masalan, Bibliyani o‘qiganimda ba’zi savollar paydo bo‘lardi, shu savollarga javoblarni boshqa manbalardan ham izlardim. Aytib o‘tganimdek, javoblarni buddizmdan va boshqa dinlardan izlab ko‘rdim. Boshida Islom to‘g‘risida o‘qirkanman, masalan, “aroq ichish mumkin emas”, “cho‘chqa go‘shtini yeyish mumkin emas” degan talablar bilan tanishgach, “bu juda ham qiyin din ekan, menga to‘g‘ri kelmasa kerak”, deb o‘ylaganman.

Lekin savollarim javobsiz qolayotgan edi. Qur’onning ingliz tilidagi tarjimasini o‘qiy boshlaganimdan keyin savollarimga to‘g‘ridan to‘g‘ri, ko‘nglimni to‘ldiradigan javoblar ola boshlaganman. Shu bois o‘zimni musulmon bo‘lishga majbur deb bildim. Turkiyadagi o‘qish davomida Islom to‘g‘risida ko‘proq o‘rganish imkoni paydo bo‘ldi.

Dovud Hunzikr Umra ziyoratida. Shaxsiy arxivdanDovud Hunzikr Umra ziyoratida. Shaxsiy arxivdan

Oilam, ota-onam, qarindoshlarim bu qarorimni qanday qabul qilgan? Boshida ular: “Kecha buddist edi, bugun musulmon, ertaga nima bo‘lishini hali ko‘ramiz”, deb o‘ylashgandir. Ammo Islomni mahkam ushlaganimni ko‘rgach, qarorimni to‘g‘ri va yaxshi qabul qilishdi. Ko‘rishdiki, axloqim yaxshi, tengdoshlarimnikidan farq qiladi, yomon ishlar qilmayapman. Har bir ota-ona farzandi yaxshi odam bo‘lishini xohlaydi-ku, ular ham menda shuni ko‘rgach, albatta, xursand bo‘lishdi va meni qo‘llab-quvvatlashdi. Masalan, islomshunoslik yo‘nalishida ta’lim olishimga ular pul bergan, “buni o‘rganma!”, deb qarshi chiqishgani yo‘q.

Buvimlarning uylariga ovqatlangani borsam, menga, albatta, halol bo‘lgan yoki yahudiylarning diniga to‘g‘ri keladigan (“kosher”), ya’ni cho‘chqa go‘shti bo‘lmagan yeguliklar berishadi. Oilaviy yig‘inlarda “kosher” belgisi bor narsalarga boshqalarning qo‘lini tekkizmaydi: “Avval Devid o‘shandan yesin, keyin boshqalar yeb ko‘rishi mumkin”, deyishadi.

Bir safar amakivachchamning to‘yiga bordim. Namoz vaqti bo‘lib qoldi. Men davradan asta chiqib, namozimni o‘qib, so‘ng qaytib keldim. Buvim: “Qayerga ketib qolding?”, deb so‘radi. “Musulmon kishi besh mahal namoz o‘qishi kerak, namoz vaqti bo‘lib qolgandi, bir chekkada namozimni o‘qib, qaytib keldim”, — dedim. Buvim: “Qanday yaxshi!”, deb qoldi. Ya’ni, namoz o‘qiganimdan mening xristian buvim juda xursand bo‘lib ketdi, “nevaram Xudoga ibodat qilyapti” deb juda quvondi.

Amerikada musulmonlarga munosabat haqida

Amerikada musulmonlarga ham, boshqa din vakillariga ham ancha erkinlik, hamma sharoit bor. Bu degani muammolar yo‘q, degani emas — muammolar ham bor. Johil odamlar ham uchrab turadi, afsuski, undaylar hamma joyda ham bor, bundan qochib qutilib bo‘lmaydi. Inson zoti shundayki, tushunmagan narsasidan qo‘rqadi va qo‘rqqani uchun o‘sha tushunmagan narsasiga yomon ko‘z bilan qaraydi.

Amerikada musulmonlarni yomon ko‘radigan odamlar biz bilan uchrashsa, fikri 100 foiz o‘zgaradi. Ko‘radiki, biz ham unga o‘xshagan inson. Shunday uchrashuvlardan so‘ng ulardagi nafrat, yovqarash yo‘q bo‘lib ketadi. Shubhasiz, islomofobiya bor va bundan foydalanib, o‘zining yomon niyatlarini ro‘yobga chiqarishga intiluvchilar ham bor. Lekin aholining 99 foizi musulmonlarni iliq qabul qiladi.

Amerikada xohlagan diningizga e’tiqod qilishingiz mumkin, bunda hech kim xalal bermaydi. Diniy maktab ochasizmi, masjidmi, cherkovmi, boshqami — hammasiga imkoniyat bor. Albatta, belgilangan qoidalar ham bor, ibodatgohni duch kelgan joyda qurolmaysiz. Lekin Amerika Konstitutsiyasida birinchi kafolatlangan huquq — e’tiqod erkinligi. Amerikaliklar bu masalani juda jiddiy oladi. Davlat tomonidan ham, xalq tomonidan ham buning kafolatlanishi biz, amerikaliklar uchun juda muhim.

O‘zbekiston qanchalik o‘zgargani haqida

Birinchi marta 24 yil avval O‘zbekistonga kelgan odam uchun o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi — o‘zgarishlar juda katta va, umuman olganda, yaxshi tomonga, ijobiy. Bu o‘zgarishlarni birinchi ko‘rganimda juda xursand bo‘lgandim. Iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy o‘sish, matbuot sohasidagi erkinlik, erkin fikrlash, erkin ibodat qilish imkoniyatlari yaratilganini ko‘rib odam, albatta, quvonadi.

Bu degani, ayni vaqtda, kamchiliklar yo‘q degani ham emas. Har qanday jamiyatda ham kamchiliklar bo‘ladi. Amerika salkam 250 yil avval mustaqillikka erishgan bo‘lsa-da, hali kamchiliklarimiz ko‘p, ularni o‘zimiz bilamiz. Demokratik davlatda o‘sha kamchiliklarni birgalikda hal qilsa bo‘ladi. O‘zbekiston ham asta-sekin o‘zida bor nuqsonlarni tuzatyapti. Albatta, AQSh bu ishlarda hamkor bo‘lishga tayyor va hamkorlik qilyapti. Bu biz uchun quvonarli hol.

Dovud Hunzikr 2022-yil may oyida Buxoroda bo‘lib o‘tgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ishtirokchilari bilan birga. Shaxsiy arxivdanDovud Hunzikr 2022-yil may oyida Buxoroda bo‘lib o‘tgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ishtirokchilari bilan birga. Shaxsiy arxivdan

Odamlarning kayfiyatida ham o‘zgarishlar bor: ularda oldingidek tortinish, xavotir hissi yo‘q, muloqotlar erkin. Avvallari ba’zan “hozir shu chet ellik bilan gaplashsam, biror yomon ish chiqmasmikin, birov kelib dakki bermasmikin” degan qo‘rquv sezilardi — sovet davridan qolgan bir mentalitet-da bu ham. Sovet davrida hamma chet elliklar yomon, kommunistik mamlakatdan bo‘lmasa, ulardan uzoqroq bo‘lish kerak, fikr bo‘lgan-ku. Hozir esa kayfiyat, albatta, sezilarli o‘zgargan.

O‘zbeklarning milliy xarakteri shundayki, ular — mehmondo‘st, mehmon bilan muloqotda bo‘lishni xohlaydi, u bilan gaplashgisi keladi. O‘zbeklar juda ochiq, samimiy xalq; hozir yoshlar bilan kirishib ketish juda ham oson, ularda avvalgidek qo‘rquv deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi, erkin fikrlash kuchli.

Erkinlikning chegarasi haqida

Erkinlikning chegarasi bormi, bo‘lishi kerakmi? Shu savolga to‘qnash kelganida, har qanday jamiyat ham qiynaladi. Bu masala amerikaliklarni ham o‘ylantiradi. Agar bir kishining erkinligi boshqa birovga zarar yetkazayotgan bo‘lsa, bu erkinlikning chegarasi shu. Bir kishining erkinligi boshqalarga zarar yetkazmasligi kerak. Lekin bevosita, aniq bir zarar yetmaydigan bo‘lsa, u holda erkinlik ustuvor bo‘lishi kerak. Ya’ni erkinlik, qonun ustuvorligi, inson huquqlari kafolatlanishi kerak.

Erkinlashish jarayonida o‘zgarishlar ko‘p bo‘ladi va bu juda tabiiy. O‘zgarishlar davomida noqulayliklar ham his qilinishi mumkin, chunki bu o‘zgarish-da. Masalan, mening har kunlik bir rejam bor, ammo uni o‘zgartirish kerak bo‘lsa, yangi rejaga birdan moslashib ketolmayman. Yoki ish joyingizni o‘zgartirsangiz — avvalgi joyda ish har kuni soat 9 da boshlangan bo‘lsa-yu, yangi joyda har kuni ertalab soat 5 da ishda bo‘lishingiz kerak bo‘lsa, siz uchun noqulaylik yuzaga keladi, o‘rganib ketguningizgacha biroz qiynalasiz, ammo oxir-oqibat bu sizning yangi ish tartibingizga aylanib qoladi.

Davlatlarning demokratlashuvi jarayoni ham shunday kechadi va natijasi har doim yaxshi bo‘ladi. Lekin to‘xtab qolinsa, unda yomon bo‘lishi mumkin. Yangi rejaga moslashuv boshlagach, erkinliklarga o‘rganilganidan so‘ng bu umid yo‘q qilinsa, olib tashlansa, odamlar, albatta, xafa bo‘ladi, “bu mening huquqim edi-ku”, deb. Shuning uchun hamma narsa qonun ustuvorligiga, jamiyatda barchaning haq-huquqlari himoyalanishi, kafolatlanishiga taqaladi.

Masalan, O‘zbekistonda dindorlar ko‘payayotganini ko‘ryapmiz. Qanday chiroyli masjidlar ochilyapti. Cherkovlarga ham, boshqa din vakillariga ham erkinlik bor. O‘zbekiston bundan, albatta, faxrlanishi kerak: xalqqa shunday erkinliklar bo‘lyapti. Lekin bundan xavotirga tushayotganlar ham yo‘q emas, chunki bu ham o‘zgarish. O‘zgarishlarga moslashish inson uchun qiyin narsa. Yangi narsalarga o‘rganishga vaqt va o‘zaro hurmat zarur.

Deylik, avvallari shu erkinliklar bo‘lmagan — masalan, kimdir ibodat vaqti ibodatini qilolmagandir, ayrim odamlar shu sababli qiynalgandir. Bunda dindor bo‘lmagan odamlarning oldingi vaziyatni ham tushunib olishi kerak: avvallari bu (dindor) kishining erkinliklari cheklangan, hozir esa cheklanmayapti, u shu erkinliklaridan foydalanmoqchi. Ayni vaqtda, Konstitutsiyada e’tiqod qilish yoki e’tiqod qilmaslik huquqi kafolatlab qo‘yilgan, har ikkala tomonga haq-huquq berilgan.

O‘zaro hurmat bo‘lsa, har ikki tomon bir-biri bilan qo‘rquvlar haqida ochiq gaplasha olsa, unda tinchlik saqlanishi mumkin. Tinchlikni saqlash faqat davlatning zimmasidagi vazifa emas, chegara faqat u tomonidan qo‘yilishi kerak emas. Bunday chegarani xalq, jamiyatning o‘zi belgilashi ham mumkin. Eng asosiy chegara o‘zaro hurmat bilan boshlanadi. Ya’ni, men sizni hurmat qilaman va sizning gapingizni eshitaman, siz ham meni hurmat qilib, mening gapimni eshitasiz. Demokratik davlatlarda shunday bo‘ladi va tinchlik shu yo‘l bilan saqlanadi.

Pisbilding (peacebuilding) haqida

Pisbilding o‘zi ingliz tilida ham g‘alatiroq so‘z, Amerikada ham ko‘pchilik bilmaydi buni. Bu tan olingan bir soha, fan hisoblanadi — ma’lum universitetlarda pisbilding yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish ham mumkin. Uning eng asosiy mazmuni — guruhlar ichidagi omillarni hisobga olgan holda, zo‘ravonlikning oldini olish, “tinchlikni mustahkamlashtirish” deb tarjima qilsa ham bo‘ladi.

Har bir jamiyatning ichida ziddiyatlar bo‘ladi. Bir kishi boshqa odamni, bir guruh narigisini tushunmaydi, balki bitta guruh boshqa guruhning haq-huquqlarini poymol qilayotgandir. Shu yo‘sinda tushunmovchilik, kelishmovchilik, ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Insoniyatda azaldan bor narsa bu. Biz shu ziddiyat va tushunmovchiliklarning zo‘ravonlik, urush darajasiga chiqishi oldini olishga harakat qilamiz.

Buning har yil tomonlari bor. USAID va unga o‘xshash donor tashkilotlari u yoki bu loyihani boshlashdan avval vaziyatni obdon o‘rganadi — shu ishni qilsak, natijasi yaxshi bo‘ladimi, natija yaxshi bo‘lishiga xalal beradigan qanday jihatlaor bor, biz kutmagan, ko‘rmagan, rejada ko‘zda tutmagan zararli tomonlari ham mavjudmi? Xalqqa zarar yetkazilmasligi uchun hammasini tekshiramiz, oldini olamiz. Chunki biz yaxshi niyat bilan boshlayotgan ish zarar yetkazadigan bo‘lsa, tushunmovchilik zo‘ravonlik darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Biz shunday holatlarning oldini olishga harakat qilamiz.

Shaxsan o‘zim Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyatlar ustida ishlayman. U yerdagi asosiy vazifamiz har xil sohalardagi ikki guruhni bir nuqtada birlashtirishdan iborat. Masalan, sport vositasida falastinlik va isroilliklarni bir joyga to‘plash mumkin. Yoki suv tanqisligi muammosi har ikki tomonga zarar yetkazayotgan bo‘lsa, ehtimol, birgalikda o‘sha masalani hal qilish ustida ishlarmiz. Ya’ni ularni birlashtirishi mumkin bo‘lgan jihatlarni topamiz va bu muammolar ustida ular birgalikda ishlashlari, uni birgalikda hal qilishlari uchun imkoniyatlar yaratib berishga harakat qilamiz.

Dovud Hunzikr Quddusdagi Qoya gumbazida. Shaxsiy arxivdan
Dovud Hunzikr Quddusdagi Qoya gumbazida. Shaxsiy arxivdan

Shuni aytib o‘tish kerakki, biz bu sa’y-harakatlarimiz bilan Isroil va Falastin o‘rtasidagi urushni to‘xtata olmaymiz. Bu siyosatchilarning ishi. Har ikki tomon diplomatlari o‘rtasida shartnomalar tuzilib, Xudo xohlasa, tinchlikka erishiladi. Lekin o‘sha shartnoma imzolanganida xalq uni qo‘llab-quvvatlamasa, bu kelishuv uzoqqa bormaydi. Shuning uchun biz o‘z vazifamizni xalqni kelajakdagi tinchlikka tayyorlashda, deb ko‘ramiz.

Hozirda sa’y-harakatlarimiz natijasida bir-birini hech tanimagan odamlar yaxshi do‘st bo‘lib ketganini ko‘ryapmiz. Masalan, urush chiqqanida ular bir-biridan hol-ahvol so‘rayotganiga guvohmiz, chunki ular bir-biriga yaqin, endi ular begona emas. Urush chiqsa, raketa uchsa, bomba portlasa, xoh falastinlik bo‘lsin, xoh isroillik — qarama-qarshi tarafdagi do‘sti haqida o‘ylaydi, u sog‘-salomatmikin, deb xavotirlanadi. Nafaqat do‘sti, balki uning oilasi, o‘rtoqlari, mahalladoshlari haqida ham qayg‘ura boshlaydi, “ular ham do‘stim kabi yaxshi odamlardir”, deb o‘ylaydi. Ha, asta-sekin shunday bo‘ladi.

Urush chiqqanida shu odamlarda kamida tinchlikdan voz kechmaslik o‘yi bo‘lsa, ular shu fikr bilan yashasa, “shu urushdan keyin men baribir yana tinchlik uchun kurashaman”, deb turib olsa, mana shu biz uchun katta yutuq.

Pisbildingga O‘zbekistondagi ehtiyoj haqida

Bunday mutaxassislarga har bir davlatda ehtiyoj bor. Amerikada ham ziddiyatlar ko‘p, bizning ham ehtiyojimiz bor. O‘zbekistonda ham ehtiyoj bor, chunki, aytib o‘tganimdek, o‘zgarishlar davrida qiyinchiliklar bo‘ladi, tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Bu tushunmovchiliklar nimadan kelib chiqyapti? Ularni qanday qilib biroz bo‘lsa-da ijobiy tomonga yo‘naltirish mumkin? Pisbilding mutaxassislari masalani mana shunday ko‘rib chiqadi.

USAID’ning asosiy yo‘nalishlari shu maqsadda olib boriladi — ta’lim sohasida, sog‘liqni saqlash sohasida, aynan demokratiya va boshqaruv sohasidagi ishlarimiz mavjud barqarorlikni mustahkamlashtirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekistonning kelajagi uchun tinchlik kerak. O‘zbekistonning tinchligi Amerikaga ham kerak. Chunki, ko‘rib turibmizki, biror joyda urush chiqsa, u boshqa davlatlarga ham zarar yetkazadi.

Shunday ekan, o‘zbek xalqi hech qanday zarar ko‘rmasin, Amerika xalqi ham, Yevropa xalqi ham, Xitoy xalqi ham, kim bo‘lishidan qat’i nazar, hech kim zarar ko‘rmasin, degan maqsad bilan shu ishlarni olib boramiz. Hammaning kelajagi farovon bo‘lsin, tinch bo‘lsin, degan maqsad bilan ishlaymiz.

Afg‘oniston haqida

Shuncha sa’y-harakatlarga qaramay AQSh nega Afg‘onistonda muvaffaqiyatsizlikka uchradi? Yaxshi savol, lekin juda murakkab, unga qisqacha javob berish juda mushkul. Amerika Afg‘onistonda yaxshi niyat bilan harakatga kirishganiga qaramay, ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan. Ba’zida u yoki bu harakatlar oqibatida kelib chiqadigan zararlarni oldindan ko‘rib, bilib bo‘lmaydi. Shu bois, qanchalik yaxshi niyat bilan qilingan bo‘lmasin, ba’zi ishlarning oqibati kutilganidek ijobiy chiqmagan.

Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizlikning sabablaridan biri sifatida mamlakatda qonun ustuvor emasligini ham ko‘rsatish mumkin. Korrupsiya juda chuqur ildiz otgan. Agar xalq davlat muassasalariga ishonmasa, davlat muassasalaridan adolat topa olmasa, oxir-oqibat xalq bu davlatga qarshi chiqishi mumkin. Shu sababli ham hamma joyda birinchi galda qonun ustuvorligi bo‘lishi kerak.

Qonun ustuvorligi bo‘lmasa, barcha harakatlar havoga uchadi. Bunga Afg‘onistonda guvohi bo‘ldik, urush bo‘layotgan boshqa joylarda ham shuni ko‘rib turibmiz. Albatta, hammaning haq-huquqlari himoyalanishi, kafolatlanishi kerak, davlat muassasalariga ishonch bo‘lishi kerak. Ishonch esa oson erishiladigan narsa emas, unga loyiq bo‘lish kerak. Ishonchni qonun ustuvorligi, halollik, poklik bilan qozonish mumkin.

Qonun ustuvorligiga qanday erishilishi haqida

Buning bir necha bosqichi bor. Birinchisi, xalqning o‘zi shuni xohlashi kerak. Masalan, xalq pora oldi-berdisini xohlasa, “mana falon joyga ishga kirib, pora olsam” deb tursa, odamlarning o‘zi halollik, poklik bilan ish tutmasa, qanday qilib boshqadan talab qiladi? Birinchi galda, o‘zimizni isloh qilishimiz kerak. O‘zimizni isloh qilmasak, boshqalardan ham talab qila olmaymiz.

Ikkinchidan, nafaqat o‘zimizdan, balki boshqalardan ham talab qilish kerak: “Siz qonunga hilof ish tutyapsiz, men sizni sudga beraman, ustingizdan arz qilaman, haqimni talab qilaman”, deb. Uchinchidan, demokratik talablarga javob beradigan muassasalar bo‘lishi kerak. Ularni ham talab qilib olib, qonun bilan kafolatlab qo‘yish kerak.

Bu jarayonlar asta-sekinlik bilan O‘zbekistonda ham bo‘lyapti. Yangi Konstitutsiyadan umidimiz katta. Kelajakda mazkur jarayonlar mamlakatni yanada yaxshi tomonlarga olib borishini istaymiz.

Shaxsiy arxivdanShaxsiy arxivdan

To‘g‘ri, bular birdaniga bo‘ladigan narsa emas, bunga vaqt kerak. Sabrli, toqatli bo‘lish kerak. Shuning uchun ham biz birinchi o‘rinda o‘zimizni isloh qilishimiz kerak, deb aytdim. Men bir masalani to‘g‘ri tushunmagan bo‘lsam-da, lekin bahsga “men baribir yutib chiqaman” degan maqsad bilan kirishadigan bo‘lsam, nima ham o‘zgaradi? Na qarama-qarshi tarafdagi odamning fikri o‘zgaradi, na meniki.

O‘rtada shunday bir nuqtani topishimiz kerakki, erkin fikr almasha olaylik. Ehtirosga berilmasdan, o‘zaro hurmat asosida muloqotga kirishiladigan bo‘lsa, asta-sekin biz muhokama qilayotgan bosqichga yetish mumkin. Shuningdek, parlament kabi demokratik bahslashish muassasalari bo‘lsa, jamiyatni o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan u yerda bahslasha olsak, birgalikda yaxshi natijaga erishish mumkin.

Matbuotning, ommaviy axborot vositalarining ham juda katta roli bor. Internetning ham muhim roli bor. Masalan, axborotni janjal ko‘taradigan manbalardan emas, balki ishonchli, mavzularni chin yurakdan o‘rganib, ko‘taradigan manbalardan olish kerak. Hammasi o‘zimizdan boshlanadi.

Bahslashish masalasida Islomning katta ulamolaridan Imom Shofe’iy shunday degan ekan: “Biror kishi bilan bahslashadigan bo‘lsam, men har doim haqiqat uning tilidan chiqishini xohlardim”. Ya’ni, mening xohishim bo‘lishi muhim emas, muhimi haqiqat yuzaga chiqsin, degan ma’noda aytgan ekanlar. Hammamiz shu — “men yutmasam ham, o‘rtaga haqiqat chiqsa kifoya” degan niyat, maqsad bilan kirishsak, menimcha, shu yo‘l yaxshilikka olib boradi.