Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Star Med Center (Omad plyus MCHJ) xususiy klinikasi litsenziyasini bekor qilish haqidagi arizasini ko‘rib chiqishni yakunladi, deb xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati.

2-mart kuni Farhod Mannopov basseynda suzish chog‘ida boshi va burnidan jarohat olgani aks etgan video paydo bo‘lgandi. Shundan so‘ng u Star Med Center`da operatsiya qilingan, biroq u komaga tushib, 5-mart kuni vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 12-mart kuni Star Med markazi tekshiruvlar davom etayotgani sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qilgan.

Keyinroq SSV Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatish chog‘ida maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomda ko‘rsatilgan bir qator litsenziyalash talablari va shartlari buzilgani haqida xabar bergan.

Xususan, Star Med markazida anesteziolog-reanimatolog bo‘lib ishlagan shifokor J.K.ning malaka toifasi bo‘lmagani, ya’ni toifani tasdiqlovchi hujjat taqdim etmagani aytilgan. Shuningdek, klinika plastik jarroh E.A.ga malakali toifaga ega bo‘lmasa-da, tibbiy xizmat ko‘rsatishiga ruxsat bergan.

28-aprel kuni vazirlik xususiy klinikaning litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilgan.

15-may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchining advokatining klinika mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi tugaguniga qadar ushbu ish bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risida og‘zaki iltimosnoma kiritilgan. Sud bu talabni qanoatlantirmagan va sud majlisi tomonlar vakillarining talablari qanoatlantirilgan holda boshqa kunga ko‘chirilgan.

25-may kuni bo‘lib o‘tgan majlisda ishni to‘xtatish haqidagi yozma ariza ham rad etilgan. O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari tomonidan marhumga tibbiy xizmat ko‘rsatishda qator litsenziya talablari va shartlari buzilganini tasdiqlovchi hujjatlar sudga taqdim etilgan.

2-iyun kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi majlisda sud Sog‘liqni saqlash vazirligining arizasini qanoatlantirdi va Star Med Center klinikasining (Omad plyus MCHJ) 2021-yil 16-fevraldagi tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun berilgan litsenziyasini bekor qildi.