Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkiyada bo‘ladi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Davlat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 3-iyun kuni Anqara shahrida Turkiya prezidentining lavozimga kirishishi munosabati bilan tadbirlarda ishtirok etadi.

Tashkilotchilarning qayd etishicha, inauguratsiya marosimida dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari, rasmiy delegatsiyalar va oliy martabali mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

28-may kuni prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida ovozlarni dastlabki sanab chiqish jarayonida Shavkat Mirziyoyev Erdog‘anni saylovdagi “ishonchli tarixiy g‘alabasi” bilan tabriklagan.

Erdog‘an 52,18%, muxolifatning yagona nomzodi Kemal Qilichdaro‘g‘li esa 47,82% ovoz olgan. Turkiyada saylovchilarning 85,71 foizi ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining birinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anni jarayon “muvaffaqiyatli o‘tgani” bilan tabriklagandi. Keyinroq ikkala asosiy nomzod ham kerakli 50 foizdan kamroq ovoz to‘plagan, ular orasidagi tafovut unchalik katta bo‘lmagan — mos ravishda 49,52 foiz va 44,88 foiz.