So‘nggi haftalarda Toshkentning ko‘plab tumanlarida yo‘l-qurilish ishlari faol tarzda olib borilyapti: ko‘chalar bo‘ylab qazilgan transheyalarga beton quvurlar yotqizilmoqda, u yerlarda kabellar ko‘rinib turibdi.

Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari, poytaxt Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shohrux Rahimjonovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bu boradagi ishlar O‘zbekiston prezidentining aholini energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha martdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Hozirda umumiy uzunligi 320 kilometr bo‘lgan uchastkalarda ishlar olib borilmoqda. Bu yerda 35−110 kV past kuchlanishli kabel yotqizilmoqda, — deydi Shohrux Rahimjonov. Shuningdek, 5 ta yangi podstansiya qurilib, 4 ta podstansiya rekonstruksiya qilinmoqda.

yo‘l-qurilish ishlari, тошкент, elektr energiyaси

Amir Temur shohko‘chasi

“Qishda kuzatilgan holat takrorlanmasligi, yozda ommaviy uzilishlar bo‘lmasligi uchun katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday keng ko‘lamli ishlar ilgari qilinmagan”, — dedi Shohrux Rahimjonov.

Loyiha doirasida 2023-yilda 903 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 228 ta transformator punktini yangilash ko‘zda tutilgan. Umuman olganda, 2025-yilgacha bo‘lgan dastur doirasida 2969 kilometr past kuchlanishli liniyalar va 703 ta transformator punktlarini yangilash rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, ko‘chalarning ko‘plab uchastkalarida yog‘ingarchilik suvlari chiqib ketishiga mo‘ljallangan quvurlar ham yangilanmoqda. Maqsad — so‘nggi yillarda kuchli yog‘ingarchilik paytida ko‘chalarda kuzatilayotgan keng ko‘lamli suv toshqinlarining oldini olish.

“Gazeta.uz” o‘quvchilarining xabar berishicha, ayrim joylarda ko‘p yillik daraxtlar yaqinida ishlar olib borilmoqda. Ish paytida daraxtlarning ildizlari ochilib, shikastlanmoqda.

yo‘l-qurilish ishlari, тошкент, elektr energiyaси

Anhor kanali bo‘yidagi ildizlari ochilib olgan daraxt

O‘quvchilardan biri daraxtlarning ildiziga zarar yetgani bo‘yicha tuman ekologiya bo‘limiga murojaat qilgani haqida yozdi. Inspektor ishchilarni qoidabuzarlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirgan.

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Abdusalom Normatovning “Gazeta.uz”ga ta’kidlashicha, daraxtlar uchun xavf aylanma ekskavator emas, balki cho‘michlisi bilan qazilgan taqdirdagina yuzaga kelishi mumkin. Ammo ko‘p narsa yog‘och turiga bog‘liq, dedi mutaxassis. Misol uchun, ildizi ochilgan terak xavf ostida emas. Daraxt ildizlari kesilgan bo‘lsa, ularni tiklash uchun ko‘proq sug‘orish kerak. Ammo ildizning jiddiy shikastlanishi daraxtning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston landshaft san’ati uyushmasi rahbari Tatyana Yugay ham daraxtlar xavf ostida emasligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida ishchilar 100 ga yaqin daraxtga zarar yetkazgandi. Bosh prokuratura tomonidan daraxtlarga qasddan shikast yetkazish fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. O‘shanda tuman hokimi va prokurori ishdan olingan, Toshkent shahrining sobiq hokimi va shahar prokuroriga qattiq hayfsan berilgandi.

Avvalroq Toshkent botanika bog‘i dendrologi bilan birgalikda oddiy fuqaro qanday qilib ildizlari shikastlangan daraxtlarni qutqarib qolishi mumkinligi haqida ko‘rsatmalar tayyorlagandik.