Markaziy bank banklarni ustav kapitali eng kam miqdor bo‘yicha yangi talablarga javob bermasa, litsenziyalarini qaytarib olishi haqida ogohlantirdi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan 2025-yil 1-yanvarga qadar banklar ustav kapitalining eng kam miqdori bosqichma-bosqich oshiriladi:

  • 100 mlrd so‘m — 2023-yil 1-sentabrgacha;
  • 200 mlrd so‘m — 2023-yil 1-sentabrdan;
  • 300 mlrd so‘m — 2024-yil 1-apreldan;
  • 500 mlrd so‘m — 2025-yil 1-yanvardan.

Markaziy bank banklarga ustav kapitalini ko‘rsatilgan miqdorlarga yetkazish va yangi talablarga javob berish bo‘yicha tavsiyalar berganini ma’lum qildi.

Regulyator yangi talablarni bajarish uchun ustav kapitali yetarli bo‘lmagan banklarga boshqa banklar bilan qo‘shilishni tavsiya qildi. Aks holda, bank faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha litsenziya bekor qilinishi mumkin.

1-may holatiga ko‘ra, sakkizta bankning ustav kapitali uch oydan keyin kuchga kiradigan eng kam ustav kapital bo‘yicha talab — 200 milliard so‘mdan kam. Bu banklar Madad Invest Bank, “Poytaxt bank” (149 mlrd), Ravnaq-bank (127 mlrd), Uzum bank (108 mlrd), Apex Bank (100 mlrd), Smart Bank (99 mlrd), Hayot Bank (-0,2 mlrd) va “Uzagroeksportbank” (32 mlrd).

Moliyachi Otabek Bakirovning aytishicha, “O‘zagroeksportbank” tashkil etilganidan buyon o‘z kapitalining yetarliligi bo‘yicha (100 milliard so‘m) talablarini bajarmagan. O‘tgan yil oxirida Olim Shodiyevning Support Level kompaniyasi bankni 5 million dollarga xususiylashtirgan bo‘lsa-da, haligacha kapitalini kerakli darajaga yetkazmagan.

Uning fikricha, Markaziy bank birinchi navbatda hamma uchun teng qoidalarni qo‘llashi va barcha bozor ishtirokchilari tomonidan qonunchilikka rioya etilishini ta’minlashi kerak. Aks holda, boshqa banklar ham qoidalarga rioya qilmaydi.

budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev aprel oyida qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni ma’qullar ekan, mazkur normaning kiritilishi prudensial me’yorlarni (bank o‘zining barqaror faoliyatini ta’minlash uchun bajarishi kerak bo‘lgan muhim miqdor) xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirishini ta’kidlagan edi. Xususan, gap banklarning to‘lov qobiliyati, likvidligi va rentabelligi uchun yetarli mablag‘ bilan ta’minlash haqida borgandi. Senatorning fikricha, banklarning kapitallashuv darajasi va resurs bazasini oshirish sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga 17 trillion so‘m miqdorida qo‘shimcha kreditlar ajratish uchun qo‘shimcha huquqiy shart-sharoitlar yaratadi.

Tahlilchi Karen Srapionovning fikricha, banklarning minimal kapitalini oshirish bozorni konsolidatsiya qilish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin va bank tizimi manfaatlariga eng yaxshi tarzda javob bermaydi.