O‘zbekiston va Rossiya rus gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzitini muhokama qilishda davom etmoqda. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Energy Intelligence nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“„Yo‘l xaritasi“ doirasida ish olib boryapmiz, tranzit imkoniyatlarini o‘rganyapmiz, texnik masalalarni hal qilyapmiz. Texnik masalalar hal etilishi bilan biz tijorat shartlarini muhokama qilamiz”, — dedi u.

Aprel oyi oxirida vazir “Gazeta.uz”ga Rossiyadan O‘zbekistonga gazni “O‘rta Osiyo — Markaz” (CAC) gaz quvuri orqali yetkazib berish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq yetkazib berish uchun ko‘rib chiqilgan boshqa — “Buxoro-Ural” gaz quvuri eskirgani sababli mos kelmagan.

Uning ta’kidlashicha, tomonlar gazni teskari tartibda yetkazib berish uchun kompressor stansiyalarini o‘rnatish va ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni baholamoqda.

Energy Intelligence`ning O‘zbekiston delegatsiyasining Pekinga tashrifi chog‘ida Xitoyga gaz yetkazib berish masalasi muhokama qilinganmi, degan savoliga energetika vaziri: “Bizda shartnomalar bor va bu bo‘yicha ish rejalashtirilganidek davom etmoqda”, — deya javob qaytardi.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida O‘zbekiston Xitoyga gaz yetkazib berishni to‘xtatganini ma’lum qilgandi, chunki u davrda yonilg‘i ichki bozorda taqchil bo‘lgan. Yetkazib berish aprel oyiga kelib tiklangan. Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpin uchrashuvi yakunlari bo‘yicha kelishilgan rejaga muvofiq “Xitoy — Markaziy Osiyo” gaz quvurining barqaror ishlashi va yetkazib berilishini ta’minlash bo‘yicha ikki tomon hamjihatlikda ish olib borishi qayd etilgan.