29-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Adolat” sotsial demokratik partiyasining XI qurultoyida partiya yetakchisi Robaxon Mahmudovani prezidentlikka nomzod etib tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qolaversa, qurultoyda uning 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘yicha dasturi tasdiqlandi.

“Adolat” partiyasi Robaxon Mahmudovani 12-may kuni nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Shundan so‘ng partiya saylovda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarini taqdim etib, ruxsat olgan.

Nomzod saylovoldi dasturida O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida huquqiy demokratik, ijtimoiy davlat va barcha uchun farovonlik ta’minlangan adolatli fuqarolik jamiyati qurishning sotsial-demokratik modelini taklif etdi. Dasturda, xususan, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash g‘oyasi ilgari surilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonning erkinlik, imkoniyatlar tengligi, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli ijtimoiy davlat sifatida, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish kabi vazifa va maqsadlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Robaxon Mahmudovaning saylovoldi dasturi 10 ta yo‘nalishdan iborat. Xususan, huquqiy davlat qurish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasining barqaror rivojini kafolatlash, aholi salomatligini kuchaytirish, jamiyat barqaror rivojlanishini ta’minlash, ekologiya va atrof-muhitga e’tiborni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati, ayol va oilaning jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish, yuksak ma’naviyatli jamiyat barpo etish, tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat olib borish kabi vazifalar shular jumlasidan.

Shuningdek, nomzod dasturidan inson huquqlarini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratish, qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish kabi vazifalar o‘rin olgan.

Nomzod saylovoldi dasturida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy davlat — 2030” dasturini ishlab chiqish, shuningdek, “Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilish zarurati kabi takliflarni ilgari surdi.

Nomzod dasturida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham bugungi kunda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar xususida takliflar ilgari surildi. Jumladan, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil etish, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash, yaqin kelajakda O‘zbekistonning agrar sohadagi ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, qishloq iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, sohani sug‘urtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish hamda huquqiy asoslarini takomillashtirish, jumladan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kabi bir qator takliflarini berdi.

Shuningdek, partiya nomzodi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yo‘lsozlik sohasida bajarilayotgan ishlarning sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu sohada ilmiy tadqiqotlar yutuqlaridan keng foydalanish hamda olimlarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan.

Qolaversa, u saylovoldi dasturida “Raqamli iqtisodiyotda aholi bandligini ta’minlash konsepsiyasi — 2030” dasturini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish zarur deb hisoblashini qayd etib o‘tdi. Mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zaruriyati va davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining shaffofligini ta’minlash, bunda barcha jarayonlarni raqamlashtirish kerakligini ta’kidlab o‘tildi.

Qurultoyda qatnashchilar prezidentlikka Mahmudova Robaxon Anvarovnaning nomzodini ko‘rsatish haqidagi taklifni va nomzodning rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyida partiya yetakchisi Ulug‘bek Inoyatovni prezidentlikka nomzod etib tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.