2023-yilning 4 oyi davomida yo‘llarda 2144 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan, unda 499 nafar fuqaro vafot etdi. Bu haqda 26-may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida Bosh prokuraturasi, Hisob palatasi, Ichki ishlar, Transport vazirliklari hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar rahbar xodimlari axborot berdi.

2022-yilda esa mamlakatda 9902 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan hamda ularda 9606 nafar fuqaro jarohatlangan va 2356 nafar fuqaro halok bo‘lgan. 2021-yilda jami 2197 nafar shaxsning avariya sabab vafot etgani rasman qayd etilgan.

Tadbirda ta’kidlanishicha, yo‘llarda tirbandliklar kelib chiqishiga transport vositalari soni aholi jon boshiga ko‘payishi va yirik shaharlarda yangi avtomobil yo‘llarini qurish imkoniyati cheklangani, svetofor orqali transport oqimini boshqarishning yagona aqlli avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq joriy etilmagani sabab bo‘lmoqda.

Tahlillar davomida aniqlanishicha, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularni saqlashda hamon bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Mas’ullar bu borada OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l qoidalari faol targ‘ib qilinmasligini tanqid qilgan.

“Yo‘l harakati qoidalari aholi o‘rtasida hanuzgacha ta’sirchan va samarali targ‘ib qilinmaydi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning bu boradagi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan materiallar yetarli darajada berilmayapti. Tegishli oliy o‘quv yurtlarini bitirgan bakalavr va magistrlarni yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ishga qabul qilishning zamonaviy, shaffof va samarali tizimi to‘liq joriy etilmagan”, — deyiladi xabarda.

Tadbirda 2022−2026-yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturida yuyelgilangan vazifalar to‘liq bajarilmagani aytib o‘tildi. Xususan, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kameralar o‘rnatish, ularni viloyat va respublika monitoring markazlariga integratsiya qilish, yirik bozorlar atrofida ko‘p qavatli yoki yer osti avtoturargohlari hamda avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtab turish joylarini tashkil etish kabi topshiriqlar ijro etilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qo‘mita yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun dastur ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining mutasaddilarining faoliyatini o‘rganadi. Hududiy komissiyalar mas’uliyatini kuchaytiradi. Har oyda yo‘llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, qoidabuzarliklarning tahlilidan kelib chiqib, harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqadi. Shuningdek, tegishli tahlillarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari muhokamasiga kiritadi.

O‘limlar sonini kamaytirish uchun nimalar qilinmoqda?

IIV YHXX boshlig‘i Olim Saidov dekabr oyida “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda o‘limlar bilan bog‘liq YTHlar sonini 5 yilda kamida 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

“Bizning ustuvor yo‘nalishimiz 5 yilda [o‘lim bilan bog‘liq YTHlar sonini] eng kamida 50 foizga kamaytirish. O‘zimizga bir marrani qo‘yganmiz, minimum yarmiga kamaytirishimiz kerak. Maksimum esa eng katta natijaga erishish [rejalashtirilgan]. Har bir raqam orqasida bir insonning hayoti, oilasi, taqdiri turibdi. Biz bunga befarqlik bilan qaray olmaymiz. Shuning uchun, zudlik bilan tegishli choralarni ko‘rishni boshladik”, — degan edi YHXX boshlig‘i.

Shuningdek, Xorazm va Jizzax YHXB “ilg‘or mamlakatlar tajribasi” asosida bolalar ishtirokidagi YTHlarning oldini olishning yangi usulini taklif qildi. Unga ko‘ra, o‘tish joylaridan oldin STOP belgisi chiziladi. O‘quvchilar qo‘llarini ko‘tarib, yo‘lni kesib o‘tadi va minnatdorlik belgisi sifatida haydovchilarga ta’zim qiladi.

“O‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari va xavfsiz harakatlanish asoslarini o‘rgatish borasidagi bunday ishlar yosh avlodni yo‘l harakatining madaniyatli ishtirokchisi etib tarbiyalash, bolalar hayotini saqlab qolish, ular ishtirokidagi baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

O‘limlardan so‘ng qo‘yilayotgan svetoforlar

Shaharlardagi tasmasi ko‘p, serharakat yo‘llardagi ayrim piyodalar o‘tish joylari piyodalar uchun xavfliligicha qolmoqda. Shunday o‘tish choylariga o‘lim bilan yakunlangani YTHdan so‘nggina svetofor o‘rnatilib, tartibga solinmoqda.

Masalan, 13-aprel kuni Toshkentning Yashnobod tumani Mahtumquli ko‘chasida 2002-yilda tug‘ilgan R.I. boshqaruvidagi Lacetti 1976-yilda tug‘ilgan ayolni urib yubordi. Oqibatda piyoda jarohat olib shifoxonaga yotqizildi. “Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, shundan so‘ng hodisa bo‘lgan piyodalar o‘tish joyiga svetofor o‘rnatilgan.

Yana bir holatda, Farangiz Rejametova 2018-yil 20-iyulda soat 21:15 atrofida Abdulla Qodiriy va Mahatma Gandi chorrahasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganida 23 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Mercedes-Benz avtomobili qizga yo‘l bermasdan, uni urib yuborgandi. Haydovchi jabrlanuvchini kasalxonaga olib borgan, ammo yo‘lda 25 yoshli aktrisa olamdan o‘tgan.

Hodisadan bir muddat o‘tib, piyodalar o‘tish joyiga svetofor, Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgichga esa fotoradar o‘rnatilgandi. Keyinroq, aktrisa o‘limi yuz bergan joy yaqinida radar o‘rnatish huquqi 3,5 mlrd so‘mga sotilgan.