20-may kuni O‘zbekiston Markaziy banki uchta to‘lov tashkilotining litsenziyalarini qaytarib olish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Ular to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasidan mahrum bo‘ldi to‘lov tashkilotlari reyestridan chiqarildi.

Instant Payment Solutions kompaniyasining o‘zi litsenziyani bekor qilish uchun ariza bergan. Ilgari u Paynet to‘lov xizmati bilan bog‘liq edi. Kompaniyalar ta’sischilari MBCI Mont Blanc Commodities & Investments (Shveysariya, 60%), tadbirkor va investor Botir Arifjonov (20%) va Sardor Komilov (20%) edi.

Paynet (UzPaynet MCHJ) endi davlatga tegishli (100%), Instant Payment Solutions esa harakatsiz holatdagi kompaniyaga aylandi.

Grigoriy Arzumanovga tegishli Source to Pay “olti oydan ortiq vaqt davomida faoliyatini to‘xtatib qo‘ygani sababli” litsenziyasidan mahrum bo‘ldi. To‘lov tashkiloti onlayn-savdogarlar uchun “yangi to‘lov usuli” yaratishni rejalashtirgan va o‘zini elektron tijorat sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro to‘lov xizmati sifatida ko‘rsatgan.

TAPP Payment kompaniyasi (BAAdagi Tap Payments bilan o‘xshash nomga ega) 2022-yil iyun oyida litsenziya olgan, biroq “litsenziya olingan kundan boshlab bir yil ichida o‘z faoliyatini amalga oshirmagani uchun” uni yo‘qotgan, deya qayd etdi Markaziy bank.

To‘lov tashkiloti o‘zining TAPP UZ super ilovasini “Yangi O‘zbekiston uchun yangi ilova” sifatida ijtimoiy tarmoqlarda 2022-yil apreldan sentabrgacha targ‘ib qilgan. Iyul oyida kompaniya asoschisi Xurshid To‘rayev Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashib, kompaniya faoliyatini kengaytirish masalalarini muhokama qilgandi.

Source to Pay va TAPP Payment qator soliq imtiyozlaridan foydalanadigan IT Park rezidentlari hisoblanadi.

Hozirda O‘zbekistonda 51 ta litsenziyalangan to‘lov tashkiloti ro‘yxatga olingan.

Eslatib o‘tamiz, samarqandlik tadbirkor Xurshid To‘rayev Toshkent shahri markazidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank” binolarini sotib olish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan 8 million so‘m ustav kapitaliga ega Black Gold Industry News (ta’sischisi Ziyodullo Jalolov) bilan aloqador bo‘lishi mumkin.

Aprel oyining boshida savdo bitta taklifdan keyin yakunlangandi. obyektlar uchun xaridor 387 milliard so‘m taklif qilgan. Kimoshdi savdosidan bir kun avval “Aloqabank” ushbu kompaniyaga 15 yil muddatga 14 foiz stavkada 390 milliard so‘m kredit bergan.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov may oyi boshida auksion natijalari va imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha kelishuv bekor qilingani haqida ma’lum qilgandi.